Qachongacha “yuqori”ning aralashuvini kutasiz?

18:11 28 Mart 2021 Jamiyat
989 0

Shu kunlarda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari hududlarda oʻrganishlar olib bormoqdalar.

Xususan, parlament quyi palatasi deputati Nazir Sobirov Olot tumanidagi “Oqoltin” mahallasida boʻlib, aholi muammolarini eshitdi va ularni hal qilish boʻyicha tegishli idora rahbarlari oldiga vazifalar qoʻydi.

Jumladan, tuman hokimi oʻrinbosari Sh.Hamroyevga Amu-Qorakoʻl koʻprigini taʼmirlash vazifasi yuklatilgan boʻlsa, elektr tarmoqlari korxonasi rahbari Gʻ.Nabiyevga shu yilning 10-apreliga qadar Ziyolilar koʻchasidagi yaroqsiz holatga kelib qolgan simyogʻochlarni almashtirish sharti qoʻyildi.

Tadbirkorlik bilan shugʻullanish istagida boʻlgan fuqarolar Axtam va Erkin Qurbonovlar ikki oydan buyon “Xalq banki”dan imtiyozli kredit ololmayotgan ekan. Deputat aralashuvchi bilan ushbu masala shu yerning oʻzida hal etildi.

Deputatning “Xosa boʻyi” va “Dilkor” mahallalari aholisi bilan boʻlgan uchrashuvlarida ham elektr taʼminoti va ichki yoʻllarni taʼmirlash bilan bogʻliq muammolar koʻtarildi va ularni hal qilish boʻyicha ham mahalliy rahbarlar oldiga aniq muddatli vazifa qoʻyildi.

— Aholi tomonidan koʻtarilgan muammolar hal qilinishi qiyin boʻlgan masalalar emas, — dedi deputat Nazir Sobirov. – Buning uchun mablagʻ ham, imkoniyat ham bor. Lekin mahalliy mutasaddilarning eʼtiborsizligi, loqaydligi sababmi, muammolarni hal qilish ortga surilavergan. Ayrim masʼullar “tepa”ning aralashuvi yoki “turtib” turishiga oʻrganib qolgan chogʻi, yillar davomida koʻtarilgan baʼzi masalalar bir kunda hal boʻldi.

Nazir Sobirov eshik-rom yasovchi usta Sherbek Gʻafforov faoliyati bilan ham tanishib, tadbirkorga ishsiz yoshlarga yogʻoch oʻymakorligi sirlarini oʻrgatish orqali bandligini taʼminlash yuzasidan tavsiyalar berdi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер