Protsessual chiqimlar toʻlanishiga doir aniq tartib va mexanizmlar belgilandi

18:52 01 Noyabr 2023 Jamiyat
370 0

Иллюстратив фото

Mamlakatimizda sud-huquq tizimini yanada isloh qilish, odil sudlovni qaror toptirish orqali fuqarolarning huquq va erkinliklarini ishonchli himoyasini taʼminlashga, shuningdek, odil sudlovga erishish darajasini oshirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda.

Taʼkidlash joizki, davlatimiz taraqqiyotining kafolati davlat va jamiyatning barcha tarmoqlarini rivojlantirishga qaratilgan keng qamrovli islohotlarni amalga oshirishda namoyon boʻladi.

Soʻnggi yillarda yurtimizda sud-huquq sohasini tubdan takomillashtirish borasida qator tizimli ishlar amalga oshirildi.

Yangi tahrirdagi Konstitutsiyada huquqbuzarlikdan jabrlanganlarning huquqlari qonun bilan muhofaza qilinishi, davlat jabrlanganlarga himoyalanishni va odil sudlovdan foydalanishni taʼminlashi, ularga yetkazilgan zararning oʻrni qoplanishi uchun shart-sharoitlar yaratishiga oid qoidalar aniq belgilab qoʻyildi.

Biroq, bugungi kunda ushbu sohada ishni koʻrish bilan bogʻliq boʻlgan chiqimlarni toʻlanishiga doir ayrim muammo va kamchiliklar mavjud boʻlib, bu, oʻz navbatida, amaliyotda turli xil muammolarni keltirib chiqarishga sabab boʻlmoqda.

Ishni koʻrish bilan bogʻliq boʻlgan chiqimlarning ahamiyatini quyidagilarda koʻrish mumkin:

— ishlarni koʻrib chiqish uchun zaruriy shart-sharoitlarni yaratib beradi;

— protsess ishtirokchilarining moddiy manfaatlarini samarali muhofazalaydi, bu oʻz navbatida ularning protsesslarda toʻliq va oʻz vaqtida ishtirokini taʼminlaydi;

— turli sohaga oid bilim va koʻnikmalarga ega boʻlgan mutaxassislar hamda zarur maʼlumotga ega ishtirokchilarni koʻproq jalb etish orqali ish sifatini oshiradi;

— ishlarni yuritishda sarflangan xarajatlar miqdorini aniqlash
va ularni undirib olishni taʼminlaydi.

Boshqacha aytganda, mazkur institut tom maʼnoda protsessning moliyaviy vositasi boʻlib xizmat qiladi. Biroq, shunga qaramasdan, bugungi kunda protsessual chiqimlar instituti amalda toʻliq ishlamayapti.

Xususan, 1992-yil 3-iyulda qabul qilingan “Guvohlar, jabrlanuvchilar, ekspertlar, mutaxassislar, tarjimonlar va xolislarning qilgan xarajatlarini toʻlash tartibi va miqdorlari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasining Qonuni bugungi kun talablariga javob bermaganligi uchun 2022-yil 4-noyabrdan bekor qilindi.

Mazkur Qonunda toʻlovni amalga oshirish manbalari, toʻlab berish tartib va mexanizmlari belgilab berilmagan hamda shartnoma asosida ekspert
va mutaxassislarni jalb etish imkoniyati yaratilganligini hisobga olinmagan, shuningdek toʻlov miqdorlari ham judayam kam miqdorni tashkil etgan.

Shuningdek, Qonunga asosan doimiy ish haqi olmaydigan jabrlanuvchilar, guvohlar va xolislarga ularni odatdagi mashgʻulotidan chalgʻitganlik uchun toʻlovlar byudjet mablagʻlari hisobidan toʻlab berilishi nazarda tutilgan boʻlsada, buni amalga oshirishning huquqiy mexanizmlari yaratilmagan.

Protsessual majburiyatlarini xizmat topshirigʻi bilan bogʻliq boʻlmagan holda bajarayotgan ekspert, mutaxassis va tarjimonga bajargan ishlari uchun toʻlov miqdori kamligi odil sudlovni amalga oshirishda malakali mutaxassislarni jalb qilish imkoniyatini cheklagan.

Natijada ushbu holatlar sud va tergov organlariga ishda koʻmaklashuvchi shaxslarni jalb etishda turli xil qiyinchiliklar tugʻdirishiga, shuningdek, ishda ishtirok etgan shaxslarning transport vositalari va turar joy bilan bogʻliq xarajatlari uchun chiqimdor boʻlishiga olib kelgan.

Yuqoridagi kabi muammolarni ijobiy hal etish maqsadida Hukumat qarori bilan Jabrlanuvchilar, guvohlar, ekspertlar, mutaxassislar, tarjimonlar va xolislarga toʻlanishi lozim boʻlgan mablagʻlarni hisoblash va toʻlash tartibi toʻgʻrisidagi nizom tasdiqlandi. Unda bir qator yangiliklar mavjud.

— jabrlanuvchilar, guvohlar, ekspertlar, mutaxassislar, tarjimonlar, xolislarga toʻlanadigan toʻlovlar va qoplab beriladigan xarajatlar turlari nazarda tutildi.

Xususan, doimiy yashash joylari uzoqda boʻlganlar uchun kelib-ketish xarajatlari, mehmonxona xarajatlari, kundalik xarajatlari, ekspert, tarjimon, mutaxassisga xizmat topshirigʻi bilan bogʻliq boʻlmagan vazifalarni bajarganlik uchun toʻlovlar hamda doimiy ish haqi olmaydigan jabrlanuvchilar, guvohlar va xolislar odatdagi mashgʻulotidan chalgʻitganlik uchun toʻlovlar shular jumlasidandir.

— jabrlanuvchilar, guvohlar, ekspertlar, mutaxassislar, tarjimonlar, xolislarga toʻlanadigan toʻlovlar va xarajatlarni qoplash miqdorlari belgilab berildi.

— jabrlanuvchilar, guvohlar, ekspertlar, mutaxassislar, tarjimonlar va xolislar xarajatlarini qoplash va toʻlovlarni amalga oshirish tartibi belgilandi.

Toʻlovlar surishtiruvchi, tergovchi, prokuror yoki sudning qarori (ajrimi)ga asosan 10 kunlik muddatda toʻlab beriladi. Bu, oʻz navbatida, Sud va tergov jarayonlariga ishda koʻmaklashuvchi shaxslarni jalb qilishda qulaylik yaratish bilan birga, ularning qilgan xarajatlarini toʻliq qoplanishiga ham imkon yaratadi.

Mazkur tartib kelgusida fuqarolarimizning Bosh qomusimizda belgilangan huquqlarini toʻliq taʼminlanishiga, protsess ishtirokchilarining moddiy manfaatlarini samarali muhofazalanishiga, zarur holatlarda jabrlanuvchilar, guvohlar, xolislarni hamda mustaqil ekspertlar, mutaxassislar, tarjimonlarni ishda ishtirok etishi orqali odil sudlov sifati oshirilishiga hamda sudda tortishuvchanlik instituni yanada taʼminlashga xizmat qiladi.

Mirkomil BOZOROV,
Muborakxon TOJIYEVA
,
Adliya vazirligi masʼul xodimlari.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер