Prezidentlar Abay merosiga bagʻishlangan koʻrgazma bilan tanishdilar
Foto: president.uz
Bugun Prezidentlar Shavkat Mirziyoyev va Qasim-Jomart Toqayev buyuk qozoq shoiri Abay Qoʻnonboyev merosiga bagʻishlangan koʻrgazma doirasidagi ekspozitsiya bilan tanishdilar.
Abay qozoq xalqining asriy orzularini, adolat, insonparvarlik va qardoshlik gʻoyalarini tarannum etgan. Uning sheʼriy asarlari va noyob “Nasihatlar” kitobiga jamlangan hikmatli soʻzlarini oʻqib, XIX asr oxirlarida qozoq dashtlaridagi turmush haqida aniq tasavvurga ega boʻlish mumkin.
Davlat rahbarlari Qozogʻiston muzeylaridan keltirilgan noyob eksponatlar, jumladan, Abay Qoʻnonboyev hayoti va ijodiga oid tarixiy ashyolar, fotosuratlar, kitoblar bilan tanishdilar.
Abayning uch torli doʻmbirasi, Qoʻnonboyning doʻppisi, qoʻlyozmalari, adib va uning oilasi tasvirlangan fotosuratlar tomoshabinlarda qiziqish uygʻotdi.
Prezidentlar koʻrgazma bilan tanishib, mamlakatlarimiz madaniy hayotidagi ushbu muhim tadbirni tayyorlashga hissa qoʻshganlarga minnatdorlik bildirdilar. Bunday tadbirlar doʻstlik rishtalarimizni mustahkamlashga xizmat qilib, oʻzbek xalqida qardosh qozoq xalqining tarixiga qiziqish gʻoyat balandligidan dalolat berishi taʼkidlandi.
Taʼkidlash joiz, shu kunlarda mamlakatimiz boʻylab Abay Qoʻnonboyev merosiga bagʻishlangan madaniy tadbirlar oʻtmoqda.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring