Prezidentimizning Konstitutsiya takomillashtirilishi boʻyicha takliflari ahamiyati yuzasidan tushuntirish-targʻibot ishlariga kirishildi
OʻzLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya qoʻmitasi, hududiy partiya tashkilotlari va partiyaning Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi farksiyasining qoʻshma majlisi boʻlib oʻtdi. Unda Prezident Shavkat Mirziyoyevning Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga oʻzgartirish kiritish va tashkiliy chora-tadbirlarni amalga oshirish yuzasidan Konstitutsiyaviy komissiya aʼzolari bilan uchrashuvidagi nutqidan kelib chiquvchi OʻzLiDePning dolzarb vazifalari atroflicha muhokama qilindi.
Taʼkidlash joizki, Bosh qomusimizni isloh qilinishida xalq fikriga tayanilmoqda, bildirilgan har bir taklif, mulohaza inobatga olinmoqda. Bu borada OʻzLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya qoʻmitasida ham Konstitutsiyani takomillashtirishga oid takliflarni tayyorlash va Konstitutsiyaviy komissiyaga taqdim etish boʻyicha ishchi guruh tuzilgan. Shu kungacha partiya ishchi guruhlariga 4 mingdan ortiq taklif kelib tushdi. Ularning 2 ming 600 dan ortigʻi Konstitutsiyaviy komissiyaga kiritildi va aksariyati konstitutsiyaviy komissiya muhokamalarida inobatga olindi.
Davlat rahbari kuni kecha boʻlib oʻtgan yigʻilishda kelib tushgan har bir taklifni eʼtiborsiz qoldirmasdan, Asosiy qonunimizni takomillashtirish jarayonida, albatta, inobatga olish, har bir yurtdoshimiz ushbu hujjatni Mening Konstitutsiyam deb faxrlanadigan mukammal darajaga olib chiqish zarurligini taʼkidladi. Bu muhim jarayonda OʻzLiDePning barcha darajadagi kengashlari va boshlangʻich tashkilotlari, deputatlar, partiya faollari bilan birgalikda tushuntirish va targʻibot-tashviqot tadbirlari oʻtkazib, takliflar olish ishlarini amalga oshiryapti.
Majlisda soʻz olganlar Konstitutsiya takomillashtirilishi boʻyicha davlatimiz rahbari tomonidan bayon qilingan toʻrtta ustuvor yoʻnalish va ularning har biri boʻyicha Prezidentimiz bildirgan takliflarni toʻliq qoʻllab-quvvatlashini taʼkidladilar. Shuningdek, partiya elektoratining asosiy qismi boʻlgan tadbirkorlar tomonidan koʻplab konstitutsiyaviy tashabbuslar ilgari surilgani eʼtirof etildi.
“Taraqqiyotning koʻp asrlik tajribasi shuni koʻrsatadiki, xususiy mulksiz, uning ishonchli kafolatisiz kuchli ijtimoiy davlatni qurib boʻlmaydi”, dedi Yurtboshimiz. Shu bois Bosh qomusimizda xususiy mulk himoyasini taʼminlash uchun zarur boʻlgan konstitutsiyaviy kafolatlarni kuchaytirish lozimligiga urgʻu berildi. Rivojlangan davlatlardagi kabi shunday tartib oʻrnatilishi lozimki, mulkdor sud qarorisiz, oʻzining roziligisiz, adolatli tovon pulisiz mulkidan mahrum etilmasin. Shu bilan birga, davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirish natijalari qayta koʻrib chiqmaslik hamda bekor qilmaslik masalasini ham Konstitutsiyaviy qoida sifatida belgilashning vaqti-soati keldi. Bu esa iqtisodiyotimizni harakatga keltiruvchi asosiy kuch boʻlgan tadbirkorlikning rivojlanishi yoʻlidagi barcha toʻsiq va gʻovlarni olib tashlashda juda muhim meʼyorlar hisoblanadi.
Shu bilan birga inson, uning hayoti, erkinligi, qadr-qimmati, daxlsiz huquqlari va manfaatlari, mahallaning maqomi hamda davlat organlarining bu boradagi vazifalarini aniq belgilash, mamlakatimizda davlat boshqaruvini takomillashtirish, xalq hokimiyatchiligini kuchaytirish borasidagi takliflar ham “Inson qadri uchun” degan ulugʻvor tamoyilning toʻla roʻyobga chiqishiga xizmat qilishi taʼkidlandi.
Xalqimiz manfaatlari yuksak darajada ifodalangan takliflarning amalga oshishi yangi Oʻzbekiston taraqqiyot strategiyasidagi ustuvor maqsadlarni roʻyobi uchun mustahkam huquqiy zamin yaratadi. Oʻzbekiston Liberal-demokratik partiyasi va uning koʻp sonli aʼzolarining, tadbirkorlar, ishbilarmonlar va fermerlarning huquq va manfaatlari toʻla kafolatlanishida ham ulkan ahamiyatga ega.
Yigʻilish qatnashchilari mazkur takliflar OʻzLiDeP dasturiy maqsad va vazifalariga gʻoyat hamohangligini qayd etdilar.
Qoʻshma majlisda Qonunchilik palatasidagi fraksiya aʼzolari, mahalliy kengashlardagi 2 300dan ortiq deputatlar va 13 mingdan ortiq boshlangʻich partiya tashkilotlari ishtirokida Konstitutsiya takomillashtirilishi boʻyicha Prezidentimiz bildirgan takliflar mazmun-mohiyati, ahamiyatini aholining keng qatlamlariga yetkazishga bagʻishlangan tadbirlarni tizimli tashkil qilish borasida aniq vazifalar belgilandi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring