Prezident yangi maʼmuriy islohotlar toʻgʻrisidagi farmonni imzolaganini maʼlum qildi
Foto: president.uz
Prezident Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlisga va Oʻzbekiston xalqiga Murojaatnomasi boʻlib oʻtmoqda. Bu haqda Prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov xabar berdi.
Davlatimiz rahbari 2023-yildagi eng ustuvor yoʻnalishlarga toʻxtalib oʻtdi.
Birinchi yoʻnalish sifatida ixcham va samarali davlat boshqaruv tizimiga oʻtishni taklif qildi.
Xususiy tashabbuslarni yanada kengaytirish, ularga yangi istiqbollarni ochish maqsadida endi “qoʻl boshqaruvi”dan aniq natijaga ishlaydigan tizimli boshqaruvga oʻtish vaqti kelgani taʼkidlandi.
Hozirgi kunda davlat apparatida takrorlanish koʻp, keraksiz shtatlar bor. Markazlashuv yuqori. Oqibatda, bugungi murakkab masalalarga toʻgʻri yechim topish uchun ortiqcha vaqt, kuch va resurs sarflanmoqda.
Vazirlarning Hukumat qabul qilayotgan qarorlarda, taʼbir joiz boʻlsa, “ovozi yoʻq”. Yaʼni, ularning ushbu qarorlarni tayyorlash va hayotga joriy qilishdagi ishtiroki va masʼuliyati yetarli emas.
Prezident shuning uchun yangi maʼmuriy islohotlar toʻgʻrisidagi farmonni imzolaganini maʼlum qildi.
Uzoq tayyorgarlik koʻrilgan ushbu islohot doirasida:
— Birinchi bosqichda vazirliklar isloh qilinadi, Hukumat ish uslubi ham tubdan oʻzgaradi. Eng avvalo, vazirlik va idoralar soni hozirgi 61 tadan 28 tagacha kamaytiriladi;
— har bir vazirlik tegishli sohada davlat siyosatini amalga oshirishga masʼul boʻlib, tarmoq tarkibidagi qoʻmita, agentlik va inspeksiyalarga rahbarlik qiladi;
— koʻp vazirlar oʻzgaradi. Oʻz sohasining chuqur bilimdoni, fidoyi va ishidan xalq rozi boʻlayotgan vazirlar lavozimida qoladi;
— davlat xizmatchilari soni bosqichma-bosqich 30-35 foizga qisqaradi. Iqtisod qilinadigan mablagʻlar ijtimoiy masalalarga yoʻnaltiriladi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring