Prezident Toshkent viloyatini rivojlantirish vazifalari yuzasidan yigʻilish oʻtkazmoqda

16:26 15 Oktyabr 2024 Siyosat
399 0

Foto: Prezident matbuot xizmati

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida Toshkent viloyatini rivojlantirish vazifalari yuzasidan yigʻilish boshlandi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Davlatimiz rahbari soʻnggi yetti yilda barcha hududlar singari Toshkent viloyatida ham katta ijobiy oʻzgarishlar boʻlganini qayd etdi.

Viloyat iqtisodiyoti 1,5 barobarga oʻsib, oʻtgan yili 119 trillion soʻmlik qoʻshilgan qiymat yaratildi, tadbirkorlar 16 mingtaga koʻpayib, 170 ming doimiy ish oʻrni paydo boʻldi.

Viloyatda 6 milliard dollarlik 826 ta yangi sanoat korxonasi ishga tushdi, 5 milliard dollarlik eksport boʻldi.

Shularning natijasida oʻtgan toʻrt yilda 70 ming, bu yilning oʻzida esa 19 mingta oila kambagʻallikdan chiqarildi.

Toshkent viloyati hududi 15 ming kvadrat kilometr boʻlib, Andijondan 3,5 baravar koʻp. Viloyat tuman va shaharlar soni boʻyicha respublikada birinchi oʻrinda.

Lekin viloyat oʻz imkoniyatlarining yarmini ham ishlatmayotgani koʻrsatib oʻtildi.

Oxirgi bir oyning oʻzida viloyatda qoʻshimcha 13 milliard dollar investitsiya, 500 ming ish oʻrni, byudjetga 3,5 trillion soʻm tushum qilish imkoniyatlari aniqlandi.

Masalan, viloyatda tadbirkorlik qilishga ishtiyoq kundan-kun oshayapti. Poytaxtdagi korxonalar ham infratuzilma yaqinligi, yer, mulk soligʻi, ishchi kuchi arzonligi uchun Toshkent viloyatidan joy qidirayapti.

Shu bois, Toshkent, Qibray, Zangiota, Yuqorichirchiq, Oʻrtachirchiq tumanlari, Chirchiq va Nurafshon shaharlari poytaxt tumanlari bilan hamohang rivojlanishi kerak, dedi Prezident.

Misol uchun, Toshkent tumanining Qorasaroy va Xasanboy guzari mahallalarida 97 gektarda industrial texnopark tashkil qilinadi.

Bu joyda 350 million dollarlik yuqori qoʻshilgan qiymatli loyihalarni tashkil qilish mumkin.

Bundan tashqari, tadbirkorlar jami 107 gektarda ekopark, akvapark, savdo kompleksi, mehmonxona va logistika markazlarini barpo etmoqchi, yana 100 gektarda 35 ming xonadonli koʻp qavatli uylar qurishga tayyor turibdi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер