“Prezident sovgʻasi” Qoraqalpogʻistondagi maktablarga yetib keldi
Gʻayrat Otajonov/“Xalq soʻzi”. Ayni vaqtda “Prezident sovgʻasi”, yaʼni 1-sinf oʻquvchilariga beriladigan bepul oʻquv qurollari Qoraqalpogʻiston Respublikasiga yetib kelgan va tumanlardagi maktablarga tarqatilmoqda.
— Yangi 2024-2025 oʻquv yilida maktabimizning 1-sinfiga 91 nafar oʻquvchi qabul qilindi, — deydi Nukus tumanidagi 19-son maktab direktori Kurbanay Kidirniyazova. — Mana bugun boshlangʻich sinf oʻquvchilari uchun “Prezident sovgʻasi” yetib keldi. Ularni bolajonlarga topshirish uchun tayyorlab qoʻydik. Maktabimiz ham yangi oʻquv yiliga toʻliq tayyor, oʻquvchilarni kutmoqdamiz.
Maʼlum qilinishicha, bu yilgi sovgʻalar 12 nomdagi oʻquv qurollari — portfel, yozuv va rasm daftarlari, akvarel boʻyoqlari, rangli qogʻoz, qalamdon, ruchka, rangli qalam, oddiy qalam, plastilin, yelim va oʻchirgʻich toʻplamidan iborat.
Yaqinda maktab ostonasiga birinchi qadamini qoʻyadigan bolajonlar Davlatimiz rahbaridan sovgʻalarini qabul qilgan holda ilk maktab darslarini boshlaydi.
Qoraqalpogʻiston Respublikasida yangi 2024/2025 oʻquv yilida 723 ta umumiy oʻrta taʼlim maktabiga 37 ming 975 nafar oʻquvchi qabul qilinishi kutilmoqda.
Hozirgi kunda 12 ta atamadagi 1-sinf oʻquvchilariga beriladigan bepul oʻquv qurollari ortilgan yuklar Qoraqalpogʻistonning barcha hududlariga yetib bordi. Maktablarga tarqatilmoqda.
Maʼlumot uchun “Prezident sovgʻasi” davlat byudjeti hisobidan xarid qilingan boʻlib, oʻquv qurollari 20-avgustgacha respublikadagi barcha maktablarga toʻliq yetkazilishi belgilangan.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring