Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida videoselektor yigʻilishi boʻlib oʻtmoqda
Foto: president.uz
Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida videoselektor yigʻilishi boshlandi. Bu haqda Prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov xabar berdi.
Asosiy masalaga oʻtishdan avval davlatimiz rahbari mamlakatimizga kirib kelgan sovuq havo taʼsirini betalafot oʻtkazish choralariga toʻxtalib oʻtdi.
Barcha tuman va hududlarda tashkil etilgan shtablar uzluksiz ishlashi kerakligi, aholi ehtiyojlari tezkor hal etib borilishi shartligi taʼkidlandi.
Ijtimoiy soha obyektlarini energiya va issiqlik bilan taʼminlashni alohida nazoratga olish zarurligi qayd etildi.
Barcha darajadagi hokimlarga tegishli idora va tashkilotlar bilan birgalikda yoʻllarni tozalash ishlarini tashkil etish, transport vositalarining xavfsiz harakatini taʼminlash topshirildi.
Barcha serqatnov yoʻnalishlarda jamoat transportining uzluksiz harakati taʼminlanishi kerakligi koʻrsatib oʻtildi.
Vazirlar Mahkamasi rahbariyati oldiga har bir viloyat, tuman va shahardagi ahvol boʻyicha kunlik nazorat oʻrnatib, joylardagi muammolarni tezkor bartaraf etish vazifasi qoʻyildi.
Yigʻilishda sanoatda qoʻshimcha zaxiralarni aniqlash va investitsiyalarni koʻpaytirish boʻyicha 2023-yil uchun rejalar muhokama qilinmoqda.
Soʻnggi yillarda:
— qoʻshimcha 19 ta erkin iqtisodiy zona va 400 dan ziyod kichik sanoat zonasi tashkil etilib, ularning infratuzilmasiga 10 trillion soʻm yoʻnaltirildi;
— toʻqimachilik, kimyo, qurilish materiallari, charm, farmatsevtika, elektrotexnika kabi sohalarni “drayver”ga aylantirish uchun 3 milliard dollarlik moliyaviy resurslar ajratildi;
— sanoatni zarur xomashyo bilan taʼminlash maqsadida geologiya-qidiruv ishlari 3 barobarga koʻpaytirilib, 600 tadan ziyod yangi kon aniqlandi.
Natijada, oxirgi besh yilda sanoat korxonalari soni 2 barobar koʻpayib, 100 mingtaga yetdi, ishlab chiqarish hajmi 1,4 baravarga koʻpaydi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring