Prezident saylovi uchun saylov kampaniyasi boshlanishi belgilandi
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 8-maydagi “Muddatidan ilgari Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini tayinlash toʻgʻrisida”gi Farmoni bilan 2023-yil 9-iyul kuni muddatidan ilgari Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi oʻtkazilishi belgilandi.
Saylov kodeksiga Oʻzbekiston Respublikasining konstitutsiyaviy Qonuni bilan kiritilgan oʻzgartirishlarga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti muddatidan ilgari Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini tayinlagan taqdirda, saylov Saylov kodeksiga toʻliq muvofiq holda ikki oy ichida oʻtkazilishi belgilangan. Bunda saylovga tayyorgarlik koʻrish hamda uni oʻtkazishga doir tadbirlarni amalga oshirish muddatlari Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi tomonidan belgilanadi.
Kecha Markaziy saylov komissiyasining muddatidan ilgari Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish bilan bogʻliq tashkiliy masalalarga bagʻishlangan majlisi boʻlib oʻtdi.
Majlisda saylov kampaniyasini eʼlon qilish va saylovga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish boʻyicha Kalendar rejani tasdiqlash masalasi koʻrib chiqildi.
Joriy yil 9-iyul kuni boʻlib oʻtadigan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi uchun saylov kampaniyasi 10-maydan boshlanishi belgilandi.
Saylovni oʻtkazish bilan bogʻliq qonunchilikda belgilangan tadbirlarni bosqichma-bosqich amalga oshirilishini taʼminlash muhim ahamiyat kasb etadi. Shu maqsadda majlisda saylovga tayyorgarlik koʻrish
va uni oʻtkazish boʻyicha Kalendar rejasi tasdiqlandi.
Mazkur Kalendar rejada mantiqiy izchillik asosida qonunchilikka muvofiq amalga oshirilishi lozim boʻlgan tadbirlar
va ularni amalga oshirish muddatlari belgilandi. Xususan, Kalendar rejaga muvofiq saylov jarayonining 7 ta yoʻnalishi boʻyicha 51 ta tadbirlar nazarda tutildi.
Kalendar reja saylov kampaniyasini qonun talablariga rioya qilgan holda ochiq va oshkora, toʻgʻri hamda samarali tashkil etish, mavjud kuch va imkoniyatlarni oqilona taqsimlash va safarbar etishni taʼminlaydi.
Kalendar reja saylovga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish boʻyicha qonunchilikda belgilangan tadbirlarni mantiqiy izchillikda tizimli ravishda amalga oshirishga xizmat qiladi.
Saylovga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish boʻyicha tadbirlarning tartibi, bosqichlari hamda muddatlari haqidagi axborot saylovchilar va saylov jarayonlarining boshqa ishtirokchilariga belgilangan tartibda Markaziy saylov komissiyasining rasmiy veb-saytida va boshqa ommaviy axborot vositalarida eʼlon qilish yoʻli bilan yetkazilishi belgilab olindi.
“Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring