Prezident: Oʻqituvchisining qadr-qimmati baland boʻlgan xalqning obroʻ-eʼtibori yuksak boʻladi
Foto: Prezident matbuot xizmati
Toshkent shahrida 1-oktyabr – Oʻqituvchi va murabbiylar kuni munosabati bilan tantanali marosim boʻlib oʻtdi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev soʻzining boshida barcha taʼlim-tarbiya xodimlarini bayram bilan samimiy tabriklab, xalqimizning chuqur hurmat-ehtiromini yetkazdi.
Hayotda har bir ezgulik, har bir kashfiyot va yutuqning zamirida oʻqituvchining mehnati, bardoshi va mehr-muhabbati mujassam ekani taʼkidlandi.
Ustozlarning donishmandligi, hayot maʼnosini chuqur anglab, odamlarni yaxshilikka va muvaffaqiyatlarga ruhlantirishi qayd etildi.
Bugun yurtimiz oʻgʻil-qizlari xalqaro fan olimpiadalarida, sport maydonlarida ulkan marralarni qoʻlga kiritayotgani yodga olindi. Bu gʻalabalar avvalo ustoz-murabbiylarning fidokorona mehnati samarasi ekani eʼtirof etildi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 27-sentyabrdagi farmoniga muvofiq, taʼlim-tarbiya tizimiga qoʻshgan munosib hissasi, sogʻlom va barkamol avlodni voyaga yetkazishdagi ibratli faoliyati hamda ijtimoiy hayotdagi faol ishtiroki uchun bir guruh yurtdoshlarimiz faxriy unvon, orden va medallar bilan taqdirlangan edi.
Marosimda ana shu mukofotlar tantanali ravishda topshirildi.
Mukofotlanganlar nomidan soʻzga chiqqanlar taʼlim sohasi va muallimlarga eʼtibori, kamtarona xizmatlarini yuksak baholagani uchun davlatimiz rahbariga minnatdorlik bildirdi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring