Prezident maslahatchisi: “Mahalliy hokimlar oyda bir marta olimlar va professor-oʻqituvchilar bilan uchrashishi kerak”
Joriy yilning 2-mart kuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi A.Abduvaxidov raisligida Oliy va oʻrta maxsus taʼlim, Xalq taʼlimi vazirliklari, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi, viloyatlar hokimlarining oʻrinbosarlari, viloyatlar va tumanlarning taʼlim masalalari boʻyicha masʼul rahbarlari, oliy taʼlim muassasalari rektorlari va prorektorlari ishtirokida videoselektor boʻlib oʻtdi. Bu haqda Edu.uz xabar berdi.
Videokonferensiya tarzida tashkil etilgan yigʻilishda umumiy oʻrta, professional va oliy taʼlim tizimlariga oid dolzarb masalalar muhokama qilindi.
Jumladan, umumiy oʻrta va oliy taʼlim muassasalarida oʻquvchi-talabalarning davomati nazorati maktab direktorlari, hokimliklar va rektorlar eʼtiboridan chetda qolayotgani alohida qayd etildi. Bu borada taʼlim muassasasi–mahalla–oila hamkorligi yaxshi yoʻlga qoʻyilmaganligi taʼkidlandi.
– Universitetlar oʻzi joylashgan hududning “aql markazi”ga aylanishi kerak, – dedi Prezident maslahatchisi A.Abduvaxidov. – Mahalliy hokimlar oyda bir marta olimlar va professor-oʻqituvchilar bilan uchrashishi kerak. Oliy taʼlim muassasalari esa oʻz navbatida hududiy miqyosdagi mavjud muammolarga innovatsion yechim topishi, hududda ilm-fan rivojlanishida lokomotiv vazifasini bajarishi kerak.
Taʼlim muassasalaridagi davomatni yaxshilash, tartib-intizomni kuchaytirish, jinoyatchilikning oldini olish boʻyicha amalga oshirilgan ishlar, professional taʼlimda yangi oʻquv yiliga tayyorgarlik va ishlab chiqiladigan oʻquv meʼyoriy hujjatlarning bugungi kundagi holati yuzasidan fikr almashildi.
– Taʼlim sifatini oshirish – oliy taʼlim tizimidagi eng muhim masala boʻlib qolaveradi, – dedi vazir I.Majidov. – Oʻquv jarayonini tashkil etish, talabalarning darsda ishtirok etishi va shu kabi tashkiliy jarayonlar elektronlashtiriladi, taʼlim jarayoniga zamonaviy AKT kengroq joriy qilinadi.
Shuningdek, yigʻilish davomida “Universiada” sport oʻyinlarini yuqori saviyada tashkil etish maqsadida mahalliy hokimliklar, oliy taʼlim muassasalari va OAV oʻrtasidagi hamkorlikni kuchaytirish zarurligi taʼkidlab oʻtildi.
Selektor yakunida koʻtarilgan masalalar boʻyicha taklif va mulohazalar tinglanib, mutasaddi rahbarlarga tegishli topshiriqlar berildi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring