“Prezident kubogi” gʻoliblari aniqlandi

10:44 26 Iyul 2023 Jamiyat
493 0

Namangan keyingi yillarda koʻplab yirik xalqaro musobaqalarga mezbonlik qilmoqda. Jumladan, futbol boʻyicha Osiyo kubogi saralash bosqichi, taekvondo WT boʻyicha xalqaro ochiq turnir, velotrek boʻyicha “Ipak yoʻli” xalqaro turniri, belbogʻlik kurash boʻyicha jahon chempionati musobaqalarining oʻtkazilishida Namangan yetakchilik qilmoqda.

Namangan shahrining Davlatobod tumanidagi “Afsonalar vodiysi” tematik parkida sportning qoʻl jangi boʻyicha professionallar oʻrtasida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti kubogi uchun navbatdagi xalqaro turnir boʻlib oʻtdi. Nufuzli musobaqaning tantanali ochilish marosimida viloyati hokimi, Oliy Majlis Senati aʼzosi Shavkat Abdurazzoqov, Oʻzbekiston Milliy gvardiyasi qoʻmondoni, general-mayor, Oʻzbekiston huquqni muhofaza qilish organlari qoʻl jangi federatsiyasi raisi Rustam Joʻrayev, Xalqaro qoʻl jangi federatsiyasi prezidenti Sergey Astaxov ishtirok etdi.  

2017-yildan buyon anʼanaviy tarzda oʻtkazib kelinayotgan “Prezident kubogi” xalqaro turnirida har yili jahon chempionlari, oʻz qitʼasi va davlatida tengsiz deb topilgan mahoratli sportchilar ishtirok etmoqda. Musobaqalarda Markaziy Osiyo, MDH hamda Yevropa mamlakatlaridan kelgan mohir qoʻl jangi ustalari ham oʻzaro kuch sinashdi.

Umumiy mukofot jamgʻarmasi 36 ming AQSH dollarini tashkil etuvchi xalqaro turnirning dastlabki jangida jahon chempionati sovrindori, xalqaro turnirlar gʻolibi, jizzaxlik Husniddin Sattorov va Tojikiston Respublikasi vakili, jahon kubogi sovrindori Osimbek Moʻminbekov ringga koʻtarildi. Qiziqarli kechgan bahsda birinchi raundning oʻzida raqibini kurashdan chiqarib yuborgan sportchimiz terma jamoa gʻalabasini boshlab berdi.

“Prezident kubogi”ning ayollar ishtirokidagi bahsida jahon va Oʻzbekiston chempioni, xalqaro turnirlar gʻolibi, Milliy gvardiya harbiy xizmatchisi, toshkentlik Guljahon Normatova va Qozogʻistonlik nomdor raqibasi, jahon vitse-chempioni, xalqaro turnirlar gʻolibi Kimbat Ahmetga qarshi munosib kurash olib borib, ishonchli zafarga erishdi.  

Quvonarlisi shundaki, 53 kilogrammdan 80 kilogrammgacha boʻlgan oltita vazn toifasida boʻlib oʻtgan janglarning barchasida yetakchilikni qoʻldan bermagan Oʻzbekiston terma jamoasi aʼzolari yakunda yirik – 6:0 hisobida ustun keldi.  

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti kubogining gʻoliblari va barcha ishtirokchilari turnir tashkilotchilari tomonidan diplom, qimmatbaho sovrinlar, pul mukofotlari bilan taqdirlandi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер