Prezident koronavirus sabab yana bir qaror imzolashi kutilmoqda

09:22 19 Aprel 2020 Hujjatlar
1724 0

Koronavirus pandemiyasi davrida oziq-ovqat xavfsizligi taʼminlanadi, qishloq xoʻjaligi davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlanadi. Bu haqda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining tegishli qaror loyihasida qayd etilgan.

Unga koʻra, Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi, Moliya vazirligi, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, Yergeodezkadastr, Bogʻdorchilik va issiqxona xoʻjaligini rivojlantirish agentligi, Uzumchilik va vinochilikni rivojlantirish agentligi tomonidan foydalanilmayotgan yer maydonlarini oʻzlashtirish va ularni aholiga imtiyozli lizing shartlari asosida meva va sabzavot mahsulotlarini yetishtirish uchun berish toʻgʻrisidagi takliflari maʼqullanadi.

Hujjat bilan shunday tartib oʻrnatiladiki, unga muvofiq:

korxonalar va tadbirkorlik subyektlari faoliyati uzluksizligini taʼminlash maqsadida tijorat banklari tomonidan 2020-yilda ajratilishi rejalashtirilgan 30 trln soʻmlik revolver kreditlarning 2 trln soʻmi meva-sabzavot mahsulotlari eksporti bilan shugʻullanuvchi korxonalarga ajratish uchun yoʻnaltiriladi;

eksport shartnomasi boʻyicha kelgusidagi tushum taʼminoti asosida shaxsiy tomorqa egalari va xoʻjalik subyektlaridan meva-sabzavot mahsulotlarini sotib olish va qishloq xoʻjaligi mahsulotlari yetishtirish uchun boʻnak ajratish maqsadlariga qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini qayta ishlovchilar hamda eksportyorlarga qisqa muddatli kreditlar ajratiladi. Bunda kreditlar, yaxshi kredit tarixiga ega, kamida 2 yil davomida meva-sabzavot mahsulotlari eksporti faoliyati bilan shugʻullangan, tashqi savdo shartnomalari boʻyicha muddati oʻtgan debitor qarzdorligi mavjud boʻlmagan qayta ishlovchilar va eksportyorlarga ajratiladi;

yengil sanoat mahsulotlarini eksport qilishda temir yoʻl xizmatlari tariflari 2020-yilning 1-iyuliga qadar 50 foizga kamaytiriladi;

2020-yilning 1-dekabriga qadar mineral oʻgʻitlar importiga barcha cheklovlar bekor qilinadi;

2020-yilning 20-aprelidan boshlab qishloq xoʻjaligi kooperatsiyalarida ishtirok etadigan har bir oila parranda boqqan davri (40 kun) uchun, Jamoat ishlari jamgʻarmasidan qoʻshimcha

500 ming soʻmdan ragʻbatlantiriladi;

Jamoat ishlari jamgʻarmasi tomonidan pilla yetishtirishning ikkinchi, uchinchi va toʻrtinchi mavsumlarida belgilangan hosilni olgan xonadonlarga har bir quti ipak qurti uchun toʻlanayotgan 1,2 million soʻmga qoʻshimcha 700 ming soʻmdan mablagʻ ajratiladi. Bunda, Jamoat ishlari jamgʻarmasiga mablagʻlar Inqirozga qarshi kurashish dasturi doirasida ajratilgan mablagʻlar hisobidan ajratiladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер