Prezident ishtirokidagi yigʻilishda Farmatsevtika agentligi direktori va “Oʻzbekiston temir yoʻllari” raisi vazifasini bajaruvchisiga “hayfsan” berildi, yana bir qator rahbarlar qatʼiy ogohlantirildi
Foto: Prezident Matbuot xizmati
Ayni paytda Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish va ishlab chiqarishni mahalliylashtirish chora-tadbirlari yuzasidan videoselektor yigʻilishi boʻlib oʻtmoqda.
Yigʻilishda 37 trillion soʻmlik yangi mahsulot ishlab chiqarish boʻyicha 2022-2023-yillar uchun 2,5 mingta loyihani ishga tushirish boʻyicha qabul qilingan dasturning aniq ijrosi koʻrib chiqilmoqda.
Ushbu dastur ijrosi boʻyicha Farmatsevtika agentligi rejani 51 foizga, “Oʻzbekiston temir yoʻllari” esa 10 foizga bajarmagani, ushbu ikki tizimda sanoat kooperatsiyasi boʻyicha ishlar umuman boshlanmagani, “Issiqlik elektr stansiyalari” esa rejani atigi 26 foizga bajargani koʻrsatib oʻtildi.
Shuning uchun Farmatsevtika agentligi direktoriga “hayfsan” eʼlon qilindi. Uning ikkala oʻrinbosarini ishdan olishga koʻrsatma berildi.
Bosh vazirga Farmatsevtika agentligi tizimi va faoliyatini tubdan oʻzgartirish choralarini koʻrish topshirildi.
“Oʻzbekiston temir yoʻllari” raisi vazifasini bajaruvchisiga “hayfsan”, “Issiqlik elektr stansiyalari” raisi, “Oʻzmetkombinat” raisi, “Oʻzbekneftgaz” raisining birinchi oʻrinbosariga qatʼiy ogohlantirish berildi.
Yanvar-fevral oylarida “Elektron kooperatsiya” portali orqali 860 milliard soʻmlik 5 mingta shartnoma tuzilgan boʻlsada, ularning ijrosi ayrim hududlarda bajarilmagani, elektron savdolarda Qoraqalpogʻiston, Namangan, Surxondaryo va Xorazmdagi korxonalar ulushi 1 foizni ham tashkil qilmasligi tanqid qilindi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring