Prezident chorvachilik sohasida bir oyda oʻzgarish qilmagan tuman hokimlari ishdan olinishi boʻyicha topshiriq berdi
Foto: president.uz
Prezident raisligida videoselektor yigʻilishi boʻlib oʻtmoqda. Bu haqda Prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov xabar berdi.
Yigʻilishda taʼkidlanganidek, 2019-2021-yillarda:
— chorvachilik boʻyicha 8 turdagi subsidiya va imtiyozli kreditlar ajratish yoʻlga qoʻyildi;
— chorvachilikka 15 trillion soʻmdan ziyod kredit mablagʻlari ajratilib, 4,5 mingga yaqin loyiha amalga oshirildi;
— naslchilik xoʻjaliklari soni 3 baravarga koʻpayib, 1 ming 414 taga yetdi;
— chorva mollari soni 1,2 millionga koʻpaydi.
Lekin, respublika boʻyicha har 2 kishiga oʻrtacha 1 ta qoramol toʻgʻri kelsa, bu koʻrsatkich Namangan, Fargʻonada 4 kishiga 1 ta, Toshkent viloyati va Surxondaryoda 3 kishiga 1 tani tashkil etmoqda.
Buxoro, Jizzax, Navoiy, Namangan va Surxondaryoda yirik chorvachilik xoʻjaliklarining soni qolgan hududlarga nisbatan 1,5-2 baravar kam.
Chortoq, Narpay, Urgut, Oltinsoy, Oʻrtachirchiq va Urganch tumanlarida aholini goʻsht bilan taʼminlash darajasi 40 foizga yetmasada, ushbu tuman hokimlari 2022-yilda aniq loyihalarni ishga tushirishni reja qilmagan.
Shu sababli, viloyat hokimlariga bir oyda oʻzgarish qilmagan tuman hokimlarini ishdan olish boʻyicha taklif kiritish topshirigʻi berildi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring