Prezident: “Biz mamlakatimiz rivojini, aholi farovonligini taʼminlashda hal qiluvchi oʻrin egallaydigan tadbirkor va mulkdorlar huquqlarini har tomonlama himoya qilamiz”
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va Senatining Oʻzbekiston Respublikasi saylangan Prezidentining lavozimiga kirishishiga bagʻishlangan qoʻshma majlisi davom etmoqda. Unda Shavkat Mirziyoyev nutq soʻzlamoqda.
Davlatimiz rahbari oʻz nutqida adolat va qonun ustuvorligi — xalqchil davlat qurish, inson qadr-qimmatini taʼminlashning eng asosiy va zaruriy sharti ekanini qayd etdi.
"Oʻtgan davrda Oʻzbekistonda bu borada katta ishlar amalga oshirildi. Ayni vaqtda odil sudlov tizimining chinakam mustaqilligi va ochiqligini taʼminlash, huquq-tartibot organlari faoliyatini takomillashtirish, advokatura institutini kuchaytirish, ushbu sohalar faoliyatini raqamlashtirish boʻyicha oldimizda koʻpgina vazifalar turibdi.
Kelgusida maʼmuriy sudlar faoliyatini xalqaro andozalar asosida takomillashtirish yuzasidan tegishli chora-tadbirlar amalga oshiriladi.
Sud xususiy mulk himoyasida turib, fuqaro va tadbirkorlarning huquqlarini tiklash orqali ijro idoralarini qonun doirasida ishlashga majbur qiladigan tizimni yaratishimiz zarur. Bu esa jamiyat taraqqiyotiga, birinchi navbatda, uning iqtisodiy ravnaqiga xizmat qiladi.
Biz mamlakatimiz rivojini, aholi farovonligini taʼminlashda hal qiluvchi oʻrin egallaydigan tadbirkor va mulkdorlar huquqlarini har tomonlama himoya qilamiz. Bu borada qonun buzilishini mutlaqo yoʻl qoʻyib boʻlmaydigan favqulodda holat deb baholaymiz.
Shu munosabat bilan xususiy mulk ustuvorligi qonunlarimizda asosiy tamoyil sifatida belgilandi. Davlat idorasi maʼlumotiga ishonib mol-mulk sotib olgan shaxsning huquqi buzilmasligi taʼminlanadi", — dedi davlatimiz rahbari.
Rahim SHERQULOV, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring