Prezident 4 nafar rossiyalik xokkey afsonalariga Toshkentdan uy sovgʻa qildi
Xabaringiz bor, oʻtgan yili “Humo Arena” muz saroyining ochilish marosimida ishtirok etgan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ushbu tadbirga mehmon sifatida tashrif buyurgan rossiyalik xokkey yulduzlariga poytaxtimizdan uy-joy berishni taklif qilgandi.
Bugun Toshkentdagi Dream City kompaniyasi ofisida oʻtkazilgan tadbirda Toshkent shahar hokimining oʻrinbosari Sharof Rahmonov xokkey boʻyicha ikki karra Olimpiya chempioni, koʻp karra Yevropa va jahon chempioni Aleksandr Yakushevga dastlabki uyning kalitini topshirdi. Bu haqda Jismoniy tarbiya va sport vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
“Soʻngra jismoniy tarbiya va sport vaziri Dilmurod Nabiyev soʻzga chiqib, rus xokkeyi afsonalarini yana bir bora yurtimizda koʻrib turganidan mamnunligini taʼkidladi. Qolaversa, bugungi marosimdan keyin bu xokkey yulduzlari yurtimizga tez-tez kelib turishi va oʻz bilimlarini yoshlar bilan oʻrtoqlashishi, bu esa mamlakatimizda xokkey sportining jadal rivojlanishiga xizmat qilishini aytib oʻtdi.


Shuningdek, Dilmurod Nabiyev Olimpiya oʻyinlari gʻolibi, “Stenli kubogi” sohibi va uch karra jahon chempioni Valeriy Kamenskiyga yangi uyning kalitini taqdim etdi.
“Yana tadbirda xokkey afsonalari Aleksey Jamnov va Vitaliy Proxorovlarga ham Toshkentdagi eng koʻrkam uylardan taqdim etildi. Marosimda soʻzga chiqqan V.Kamenskiy bu ehtiromdan boshi koʻkka yetgani va bunday voqea uning hayotida ilk marotaba kuzatilganini taʼkidlab, buning uchun hukumatimizdan minnatdor ekanini bildirdi”, deyiladi xabarda.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring