Pokiston Oʻzbekistonga goʻsht yetkazishni boshladi
Foto: Illustrativ foto
40 ming dollarlik goʻshtning birinchi partiyasi (18 tonna) kelasi hafta Toshkentga yetib keladi. Mart oyida yana 50 ta konteynerda goʻsht (jami 900 tonna) joʻnatilishi kutilmoqda.
Pokistonning Shaheen kompaniyasi rahbari Malik Sher Xonning taʼkidlashicha, Pokiston imtiyozli savdo toʻgʻrisidagi shartnomalar tuzilganidan keyin Oʻzbekiston bozoriga diqqat bilan qaray boshlagan.
Eslatib oʻtamiz, 4-mart kuni ikki davlat oʻrtasida imtiyozli savdo toʻgʻrisidagi bitim imzolangan edi. Shavkat Mirziyoyev va Pokiston bosh vaziri Imron Xon tovar ayirboshlash hajmini 500 million dollarga yetkazish imkoniyati borligini taʼkidlab, Transafgʻon temir yoʻlini yanada rivojlantirishga kelishib olgan edi.
Taʼkidlash joiz, Oʻzbekiston bir necha yillardan buyon transport yoʻnalishlarini diversifikatsiya qilish va mintaqaviy aloqalarni rivojlantirish choralarini koʻrmoqda. Shavkat Mirziyoyevning soʻzlariga koʻra, «Termiz – Mozori Sharif – Kobul – Peshovar» t/y qurilishi Pokistonni Markaziy Osiyo bilan bogʻlaydigan, Oʻzbekistonni Karachi, Gvadar va Qosim portlariga olib chiqadigan eng yaqin, arzon va xavfsiz yoʻlak yaratadi. Bu temir yoʻl mintaqalarimiz qiyofasini butunlay oʻzgartirib yuboradi.
Bundan tashqari, 2021-yil noyabr oyida Oʻzbekistondan birinchi tranzit yuk Pokistonga yetib borgan edi. Pokiston tomoni buni “hamkorlikning yangi davrining boshlanishi” deb baholadi.
Koʻp oʻtmay Pokiston Oʻzbekistondan yuk tashuvchilar uchun bojxona tartib-taomillarini soddalashtirdi — yuk mashinalari kirish toʻlovi boʻyicha depozit toʻlamasdan mamlakatga kirishi mumkin.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring