Pokiston Bosh vaziri Toshkentga keldi
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan Pokiston Islom Respublikasi Bosh vaziri Imron Xon 15-iyul kuni rasmiy tashrif bilan mamlakatimizga keldi.
Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportida oliy martabali mehmonni Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov va kutib oldi.
Taʼkidlash joizki, bu Imron Xonning mamlakatimizga ilk rasmiy tashrifidir.
Shu yil 14-aprel kuni Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Pokiston Bosh vaziri Imron Xonning videoanjuman shaklidagi uchrashuvi boʻlib oʻtgan edi.
Sammitda koʻp qirrali Oʻzbekiston – Pokiston sherikligining dolzarb masalalari, jumladan, konstruktiv siyosiy muloqotni rivojlantirish, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, transport-tranzit va madaniy-gumanitar sohalardagi amaliy hamkorlikni, hududlar oʻrtasidagi almashinuvlarni kengaytirish masalalari muhokama qilingandi.
Pokiston Bosh vazirining mazkur tashrifi koʻp qirrali Oʻzbekiston – Pokiston sherikligini yangi bosqichga olib chiqishda navbatdagi muhim qadam boʻlishi kutilmoqda.
Tashrifning asosiy tadbirlari Koʻksaroy qarorgohida boʻlib oʻtadi.
Pokiston yetakchisi, shuningdek, Oʻzbekiston – Pokiston biznes forumi va Toshkent shahrida oʻtadigan “Markaziy va Janubiy Osiyo: mintaqaviy bogʻliqlik. Tahdidlar va imkoniyatlar” mavzusidagi xalqaro konferensiyada ishtirok etishi, Samarqand va Buxoro shaharlarini ziyorat qilishi koʻzda tutilgan.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring