Pensiya tayinlashda inson omili kamaytiriladi

13:45 26 Dekabr 2023 Siyosat
426 0

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi majlisida fuqarolarga pensiya tayinlash jarayonida inson omilini kamaytirish, keksa yoshdagi shaxslarga davlat xizmati koʻrsatilishi sifatini yanada oshirishga qaratilgan qonun loyihasi ikkinchi oʻqishda moddama-modda koʻrib chiqildi.

Fuqarolarga pensiya tayinlashda inson omilini kamaytirish, keksa yoshdagi, nogironligi boʻlgan va boquvchisini yoʻqotgan shaxslarga davlat xizmatlarini koʻrsatish sifatini yanada oshirish hamda mazkur sohada ilgʻor axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan samarali foydalanish zarurati yuzaga kelmoqda.

Shundan kelib chiqib, “Fuqarolarning davlat pensiya taʼminoti toʻgʻrisida”gi qonunga fuqarolarga Davlat xizmatlari markazi yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali pensiya tayinlash uchun murojaat qilish huquqini yaratish, pensiyalarning eng kam miqdorini belgilangan eng kam isteʼmol xarajatlaridan oz boʻlmasligiga doir oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilmoqda.

“Fuqarolarning jamgʻarib boriladigan pensiya taʼminoti toʻgʻrisida”gi qonuniga esa Pensiya jamgʻarmasi tomonidan Xalq bankiga axborot tizimi orqali elektron shaklda yuboriladigan fuqaroning pensionerligi haqidagi maʼlumotlar asosida unga jamgʻarib boriladigan pensiya tizimidagi toʻlovlarini olish huquqini yaratishni nazarda tutuvchi oʻzgartirish kiritilmoqda.

Deputatlarning fikricha, qonun loyihasining qabul qilinishi aholining elektron davlat xizmatlaridan mustaqil foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish, elektron axborot texnologiyalarini keng joriy etish orqali pensiya tayinlangan keksa va mehnatga layoqatsiz fuqarolarga oʻzlarining jamgʻarib boriladigan pensiya hisobvaraqlarida yigʻilgan mablagʻlarini olishlariga qulayliklar yaratishga xizmat qiladi.

Majlisda qonun loyihasi deputatlar tomonidan qabul qilindi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер