Pekindagi xalqaro Kongressda Oʻzbekistonda suv resurslarini boshqarish mavzusida taqdimot oʻtkazildi
Ayni damda Pekin shahrida XVIII Butunjahon suv Kongressi boʻlib oʻtmoqda.
Xalqaro suv resurslari assotsiatsiyasi (IWRA) va Xitoy Xalq Respublikasi Suv xoʻjaligi vazirligi tomonidan tashkil etilgan “Suv hamma uchun: inson va tabiatning uygʻunligi” mavzusidagi Kongressda Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi hamda Suv xoʻjaligi vazirligi vakillari ham ishtirok etmoqda.
Taʼkidlash joizki, Ekologiya vazirligi xodimi Shamsiddin Qurbonov Kongressning “Belt and Road Conference Water resources and Water Environment” tadbiri doirasida Oʻzbekistonda suv resurslarini boshqarish mavzusida maʼruza qildi. Shuningdek, yurtimizda suv resurslarini muhofaza qilish sohasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida taqdimot oʻtkazdi.
Maʼlumot uchun, Butunjahon suv Kongressi butun dunyo boʻylab suv resurslari sohasida siyosatchilar, tadqiqotchilar va amaliyotchilarni toʻplaydigan keng koʻlamli anjuman hisoblanadi.
Bu galgi anjumanda dunyoning 60 dan ortiq mamlakatlari va suv resurslari bilan shugʻullanuvchi 130 dan ortiq xalqaro tashkilot va tuzilmalardan vakillar, shuningdek, Xitoyning suv xoʻjaligi sohasidagi 700 ga yaqin mutaxassislari qatnashmoqda.
Kongress 15-sentabrgacha davom etadi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring