Pedagoglarning maqomi yanada oshirilmoqda
Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi fraksiyasining navbatdagi yigʻilishida “Pedagog maqomi toʻgʻrisida”gi qonun loyihasi ikkinchi oʻqishda muhokama qilindi.
Taʼkidlanganidek, mamlakatimizda pedagog kasbining ahamiyati va nufuzini oshirish, ularning moddiy turmush sharoitlarini yaxshilash, shuningdek, yosh avlodni tarbiyalash singari masʼuliyatli mehnatini munosib baholashga yoʻnaltirilgan chora-tadbirlar izchillik bilan amalga oshirib kelinmoqda. Jumladan, soʻnggi yillarda pedagog xodimlarning ish haqi miqdorlari bir necha marta oshirildi. Ularga alohida ustama joriy etilishi va taʼlim standartlari talablariga muvofiq pedagoglarning ish yuklamalari maqbullashtirildi.
Biroq pedagoglarning maqomini oshirish boʻyicha bugyngi kunga qadar amalga oshirilgan chora-tadbirlar va qabul qilingan hujjatlar ular faoliyatini toʻlaqonli bajarishga, yetarli darajada moddiy, ijtimoiy va ularning kasbiy faoliyatiga noqonuniy aralashuvlardan himoya qilishga, vazifa va funksiyalariga taalluqli boʻlmagan boshqa ishlarga jalb qilinmasligi uchun toʻla asos boʻlib xizmat qilmayapti. Bundan tashqari davlat taʼlim tashkilotlari rahbarlari, taʼlim sohasidagi vakolatli davlat boshqaruvi organlari, nazorat qiluvchi va huquqni muhofaza qiluvchi organlar hamda ota-onalarning pedagog xodimlarning kasbiy faoliyatiga asossiz aralashuvlari ular tomonidan taʼlim sifatini yaxshilash, taʼlim va tarbiya oluvchilarga yetarli bilim va koʻnikmalarni berish imkoniyatini bermayati.
Ayni paytda iqtidorli yosh avlod va yuqori malakali kadrlarning pedagogika faoliyatiga keng jalb etilishini taʼminlash uchun ularga qoʻshimcha huquq va imtiyozlar taqdim etish, pedagog xodimning jamiyatdagi mavqeini oshirishga qaratilgan qator chora-tadbirlarni amalga oshirish, shu jumladan, ularning maqomini alohida qonun bilan belgilash talab etiladi.
Shundan kelib chiqib, pedagog xodimning jamiyatdagi maqomini yuksaltirish, uning faoliyati bilan bogʻliq huquqiy, ijtimoiy va iqtisodiy munosabatlarni tartibga solish va kasbiy kamol topishi uchun sharoit yaratish hamda huquqiy kafolatlarini taʼminlash maqsadida ushbu qonun loyihasi ishlab chiqildi.
Qonun loyihasi bilan quyidagilar taklif etilmoqda: pedagog xodimlarining huquqlari, shaʼni, qadr-qimmati va ishchanlik obroʻsi davlat himoyasi ostida boʻlishini kafolatlash maqsadida shaʼni, qadr-qimmatini himoya qilish masalasida va mansabdor shaxslarning xatti-harakatlari ustidan sudga murojaat qilganida davlat bojini toʻlashdan ozod etish, pedagog xodimni lavozim majburiyati va kasbiy faoliyati bilan bogʻliq boʻlmagan ishlarga, yigʻilishlar va boshqa tadbirlarga jalb qilishni taqiqlash, ilk bor kasbiy faoliyat boshlayotgan shaxsga bir oʻquv yili davriga oʻqituvchi-murabbiylikni amalga oshiruvchi pedagog xodimni biriktirish, davlat taʼlim tashkilotlarida faoliyat yuritayotgan pedagog xodimlarni davlat sogʻliqni saqlash muassasalarida majburiy tibbiy koʻrikdan bepul oʻtishi, pedagog xodimning kasbiy faoliyati davomida yuqumli kasalliklarga qarshi bepul profilaktik emlash davlat tomonidan taʼminlanishi kafolatlanmoqda.
Deputatlar yuqoridagi oʻzgarishlarni qoʻllab-quvvatlab, ushbu qonun loyihasi pedagoglarning jamiyatdagi nufuzi oshishi, pedagogik faoliyatga boʻlgan talab oshgan holda taʼlim berish tizimi yanada kuchayishi, ularning mehnatini munosib ragʻbatlantirish imkoniyatlari yanada kengayishiga mustahkam zamin yaratilishini taʼkidlab, uni maʼqulladilar.
Yigʻilishda kun tartibiga kiritilgan masalalar atroflicha koʻrib chiqildi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring