Parrandachilikni “Yetti xazinaning biri” deyishganicha bor
Istam IBROHIMOV/“Xalq soʻzi”. Buxoro tumanidagi “Koʻchkoʻmar” mahalla fuqarolar yigʻinida yashovchilar tirikchilik manbaidan gap ketsa, albatta, “Yetti xazinaning biri” deya parrandachilikdan soʻz ochishadi. Hududda ish boshlagan masʼuliyati cheklangan jamiyat shaklidagi “GOLDEN PHEONIX” xorijiy korxonasi faoliyati shunga turtki berayapti, desak, xato boʻlmaydi.
Xitoylik sarmoyadorlar tashabbusi bilan tuman sanoat xaritasida boʻy koʻrsatgan mazkur korxonaga 500 ming AQSH dollari miqdoridagi xorijiy investitsiya kiritildi. Bu yerda parranda, jumladan, tovuq panjalari maxsus shart-sharoitda qayta ishlanmoqda. Tayyor mahsulotga esa nafaqat Xitoy, balki Tayvan, Gonkong, Rossiya Federatsiyasi kabi davlatlardan xaridor bor.

Bilasiz, chekka qishloqlarda bu kabi sanoat korxonalarining bandlik masalasini hal etishdagi oʻrni benihoya katta. Loyihaning dastlabki bosqichida 30 nafar mahalliy xotin-qiz muqim ish oʻrni bilan taʼminlangani ham fikrimiz tasdigʻidir. Ayni damda tashabbuskorlar biznes loyihani toʻliq ishga tushirish harakatida. Bu esa qoʻshimcha ish oʻrinlari yaratish, yiliga 3-4 million AQSH dollari miqdoridagi mahsulotni xorijga eksport qilish imkonini beradi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring