Parlament soʻrovida koʻtarilgan ayrim masalalar yuzasidan asosli javoblar taqdim etilmagan

12:10 21 Oktyabr 2021 Siyosat
863 0

Фото: Олий Мажлис Сенати

Oliy Majlis yuqori palatasining oʻn beshinchi yalpi majlisida mamlakatimizdagi avtomobil yoʻllari hamda sunʼiy inshootlarning holati va transport vositalarining xavfsiz harakatlanishini taʼminlashga doir qonun hujjatlarining ijro etilishi yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga parlament soʻrovi yuborish haqida qaror qabul qilingan edi.

Senatning yigirmanchi yalpi majlisida ushbu parlament soʻrovi natijalari muhokama qilindi.

Qayd etilganidek, Oliy Majlis Senatining 2021-yil 29-maydagi Qaroriga muvofiq Vazirlar Mahkamasiga yuborilgan parlament soʻroviga berilgan javobda parlament soʻrovda koʻtarilgan masalalar yechimiga qaratilgan muayyan ishlar amalga oshirilgan.

Jumladan, koʻprik va yoʻl oʻtkazgichlar texnik holatini yaxshilashga qaratilgan hukumat qarori, Oʻzbekiston Respublikasining 2030-yilgacha avtomobil yoʻllarini rivojlantirish strategiyasi loyihasi tayyorlangan.

Shuningdek, tegishli hujjat asosida «Oʻzyoʻlinspeksiyasi»ga tadbirkorlik subyektlari tomonidan yoʻl-qurilish ishlari olib borilayotgan obyektlarda sifat nazoratini operativ oʻtkazish hamda sodir etilayotgan qoidabuzarliklarni oʻz vaqtida aniqlash vakolati berilgan.

Biroq parlament soʻrovida koʻtarilgan ayrim masalalar yuzasidan asosli javoblar taqdim etilmagan.

Xususan, Vazirlar Mahkamasining 2006-yil 1-noyabrdagi 226-sonli qaroriga ilova qilingan “Avtomobil yoʻllarini taʼmirlash va saqlash ishlari tasnifi”da avtomobil yoʻlini joriy taʼmirlash ishlari bajarilganidan soʻng uning xizmat qilish muddatiga nisbatan talab belgilanmaganligi va bu hol jiddiy muammolarga sabab boʻlayotgani eʼtiborsiz qoldirilgan.

Shuningdek, tegishli obyektlarda pudratchi tomonidan bajarilayotgan qurilish-montaj ishlari sifatini aniqlash boʻyicha sinov laboratoriyasi aynan pudratchining oʻzi tomonidan jalb qilinayotgani korrupsiyaviy holatlarga sabab boʻlayotgani bilan bogʻliq masala yechimi yuzasidan ham aniq javob taqdim etilmagan.

Javobni muhokama qilish jarayonida mazkur soʻrovda koʻtarilmagan boshqa dolzarb masalalar ham mavjudligi aniqlandi.

Xususan, avtomobil yoʻllarida harakat xavfsizligini taʼminlashga qaratilgan tadbirlar yetarli darajada moliyalashtirilmayapti. 2021-yilda ushbu maqsadlar uchun yoʻnaltirilgan mablagʻ mavjud ehtiyojning bor-yoʻgʻi 27 foizni tashkil qiladi.

Bu esa, taʼmirlash oʻrtasidagi muddatlarning yildan-yilga ortishi, qoʻshimcha sarf-xarajatlar talab etilishiga sabab boʻlmoqda.

Bundan tashqari, sohada korrupsiya bilan bogʻliq qonunbuzilishlarga toʻliq barham berilmayapti.

Majlisda parlament soʻrovida keltirilgan muammolarni bartaraf etishga qaratilgan chora-tadbirlarni Vazirlar Mahkamasi tomonidan davom ettirish zarurligi taʼkidlandi.

Mazkur masala yuzasidan Senatning tegishli qarori qabul qilindi.

“Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер