Parlament komissiyasining yigʻilishi boʻlib oʻtdi

08:55 30 Mart 2021 Siyosat
900 0

2021-yil 29-mart kuni Oʻzbekiston Respublikasini barqaror rivojlantirish sohasidagi milliy maqsadlar va vazifalarning 2030-yilgacha boʻlgan davrda amalga oshirilishini nazorat qilish boʻyicha Parlament komissiyasining videokonferensaloqa tarzida yigʻilishi boʻlib oʻtdi.

Unda Parlament komissiyasi va Muvofiqlashtiruvchi kengash aʼzolari, xalq deputatlari mahalliy Kengashlarining doimiy komissiyalari raislari, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi, viloyatlar hokimlari, vazirlik va idoralar hamda ularning hududiy boshqarmalari rahbarlari, nodavlat notijorat tashkilotlari ishtirok etdi.

Dastlab yigʻilishda Parlament komissiyasining oʻtgan 2020-yildagi faoliyati haqida qisqacha hisobot berildi.

Xususan, Parlament komissiyasi aʼzolari ishtirokida Oʻzbekistonning Barqaror rivojlanish maqsadlarini amalga oshirishga doir birinchi Ixtiyoriy milliy sharhi loyihasi ishlab chiqilgani, mamlakatimizda ilk marotaba barqaror rivojlanish boʻyicha oliy darajadagi siyosiy forumga ushbu sharhni taqdim etgan 49 ta davlat safidan joy olgani qayd etildi.

Qolaversa, barqaror rivojlanish sohasidagi oziq-ovqat xavfsizligini mustahkamlash, onalik va bolalikni muhofaza qilish hamda gender tenglikni taʼminlash va xotin-qizlarning huquqlarini himoya qilish yuzasidan respublikaning 7 ta hududida 3 ta milliy maqsad, uning 30 ta vazifasi hamda 55 ta indikatori boʻyicha oʻrganishlar olib borildi.

Barqaror rivojlanish sohasidagi milliy maqsad va vazifalardan kelib chiqib, hukumat aʼzolariga Senat tomonidan 13 ta, Qonunchilik palatasi tomonidan esa 14 ta parlament soʻrovi, shuningdek, davlat hokimiyati va boshqaruvi organlariga Oliy Majlis palatalari tomonidan 338 ta deputat hamda 388 ta senator soʻrovi yuborildi.

Oʻrganishlar davomida Parlament komissiyasi aʼzolari tomonidan “Temir daftar”ga kiritilgan mingdan ortiq xonadonlarga tashrif buyurildi. Aholi tomonidan qariyb 300 ga yaqin masala koʻtarilib, ularning 74 foizi joyida hal etildi.

Yigʻilishda 2030-yilgacha boʻlgan davrda barqaror rivojlanish sohasidagi milliy maqsad va vazifalarni amalga oshirish boʻyicha Muvofiqlashtiruvchi kengash tomonidan 2020-yilda amalga oshirilgan ishlar hamda Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 20-oktyabrdagi 841-sonli qarorining ijro etilishi koʻrib chiqildi. Mazkur masala yuzasidan 2030-yilgacha boʻlgan davrda barqaror rivojlanish sohasidagi milliy maqsad va vazifalarni amalga oshirish boʻyicha Muvofiqlashtiruvchi kengashi rahbari – Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari J.Qoʻchqorovning axboroti eshitildi.

Taʼkidlanganidek, Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 20-oktyabrdagi qarorida vazirlik va idoralar hamda ishchi guruhlarning milliy maqsad va vazifalarni amalga oshirish hamda natijalarga erishish masalalari yuzasidan hisobotlarini eshitish belgilangan. Biroq faqat Davlat statistika qoʻmitasi raisining axborotini eshitish bilan cheklanilgan.

Shuningdek, qaror bilan tasdiqlangan “Yoʻl xaritasi” 3 ta yoʻnalish va 15 ta banddan iborat boʻlib, uning 10 ta bandi bajarilgan va 5 tasi bajarilmagan.

Bundan tashqari, yigʻilishda kambagʻallikni qisqartirish boʻyicha Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Surxondaryo va Qashqadaryo viloyatlarida olib borilayotgan ishlar holatini oʻrganish natijalari toʻgʻrisida Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirining birinchi oʻrinbosari S.Xolxujayevning axboroti eshtildi.

Qayd etilganidek, Qoraqalpogʻiston Respublikasida aholining 7,5 foizi, Surxondaryo viloyatida 9,6 foizi kambagʻal hisoblanadi. Qashqadaryo viloyati kambagʻallik muammosi boʻyicha eng ogʻir hududga kiritilgan. Uning 300 ming aholisi yaʼni 9 foizi kambagʻaldir.

Yana bir jihat. Byudjet mablagʻlarini talon-toroj qilish holatlari 2020-yilda 2019-yildagiga nisbatan koʻpayib, Qoraqalpogʻiston Respublikasida 192 ta holatdan 223 taga, Qashqadaryo viloyatida 194 ta holatdan 195 taga ortgan. Talon-toroj qilingan mablagʻlar hajmi birgina Qashqadaryo viloyatida 5,5 baravarga ortgan.

Ushbu masalalar yuzasidan tegishi vazirlik va idoralar mutasaddilari maʼlumot berdi.

Shuningdek, yigʻilishda BMTning Oʻzbekistondagi doimiy koordinatori Helena Freyzer, BMTTDning Oʻzbekistondagi doimiy vakili Matilda Dimovska qatnashib, soʻzga chiqdi.

Koʻrib chiqilgan masalalar yuzasidan tegishli qarorlar qabul qilindi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер