“Parkovka” qoidalarini buzgan haydovchilar uchun belgilangan jarimalar miqdori kamaytiriladi
Avtomobillar soni tez surʼatlarda oshib borayotgan bir paytda katta shaharlar markazlarida avtomobil transportini belgilangan joyda qoldirish (parkovka) muammosi koʻplab haydovchilar uchun dolzarb masalaga aylanib bormoqda. Bu masala ayniqsa poytaxtda yaqqol koʻzga tashlanmoqda.
Shaharda pullik avtoturargohlar yetishmasligi yoki haydovchilar uchun qulaylik yaratish (holbuki bu orqali mahalliy byudjetga yaxshigina daromad ishlash imkoniyati bor) maqsadida markaziy koʻchalarda yoʻl boʻylariga oddiy parkomatlar oʻrnatilmaganligi bir sabab boʻlsa, belgilanmagan yoki ruxsat etilmagan joylarda avtomobil transporti parkovka qilingani uchun “otni kallasidek” jarimalar belgilanganligi tabiiy ravishda koʻplab haydovchilar eʼtirozlariga sabab boʻlmoqda.
Amaldagi qonunchilikka koʻra, transport vositalari haydovchilarining toʻxtash yoki toʻxtab turish qoidalarini buzishi bazaviy hisoblash miqdorining (BHM) uch baravari yaʼni 668 ming soʻm miqdorida jarima solishga sabab boʻladi. Ayni huquqbuzarlikni maʼmuriy jazo qoʻllanilganidan keyin bir yil davomida takror sodir etish haydovchiga BHMning besh baravari (1mln 113 ming soʻm) miqdorida, uchinchi marta sodir etilishi esa BHMning oʻn baravari (2mln 225 ming soʻm) miqdorida jarima solinishiga sabab boʻladi.
Solishtirish uchun, Rossiyada toʻxtash yoki toʻxtab turish qoidalarini buzish haydovchiga 3000 rubl (taxminan 415 ming soʻm), Ukrainada esa 510 ukraina grivnasi (taxminan 188 ming soʻm)ga tushadi. Qoʻshni Qozogʻistonda toʻxtab turish qoidasini buzgan haydovchi 24 ming tanga (taxminan 589 ming soʻm) jarima toʻlasa, Qirgʻizistonda esa bu qoidani buzgan haydovchilarga nisbatan 3000 kirgʻiz somi (taxminan 369 ming soʻm) jarima qoʻllaniladi. Shuningdek, bu davlatlarda (Qozogʻistondan tashqari) mazkur huquqbuzarlikni takroran sodir etish jarima miqdorini oʻzgarishiga sabab boʻlmaydi.
Koʻrinib turibdiki, toʻxtash yoki toʻxtab turish qoidalarini buzish hollari uchun belgilangan eng yuqori jarima miqdori bizda. Agar bu jarima aholining oʻrtacha daromadlari nuqtayi nazaridan solishtirilsa, bu farq yana-da oshishi aniq.
Shu bois, Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Mudofaa va xafvsizlik masalalari qoʻmitasi tomonidan transport vositalari haydovchilarining toʻxtash yoki toʻxtab turish qoidalarini buzish holati uchun belgilangan jarima miqdorlarini qamaytirish taklifi ilgari surilmoqda. Qoʻmita taklifiga asosan, mazkur huquqbuzarlik uchun jarimani BHMning bir baravari (223 ming soʻm) miqdorida belgilash koʻzda tutilmoqda. Shuningdek, huquqbuzarlikni takroran sodir etilganda jarima miqdorini oshishi ham bekor kilinishi kutilmoqda.
Hozirda qoʻmita aʼzosi, deputat Farhod Ashmatov tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi MJtKning 128 6-prim moddasiga tegishli oʻzgartirishlar kiritilishini koʻzda tutuvchi qonun loyihasi ishlab chiqilmoqda.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring