Pandemiya sharoitida kichik sanoat zonalari qanday ishlamoqda?
Fargʻona viloyatining 13 ta hududida kichik sanoat zonalari tashkil etildi. Ular uchun 70,3 gektar ishlab chiqarish maydonlari ajratildi. Bu yerda umumiy qiymati 912, 2 milliard soʻm boʻlgan bank sarmoyalari, xorijiy investitsiyalar jalb etilish orqali 142 ta yangi loyihalarni amalga oshirish, 5739 ta ish oʻrinlari yaratish borasida ish olib borilmoqda.
Eng muhimi, kichik sanoat zonalarida eksportbop, import oʻrnini bosuvchi mahsulot ishlab chiqaruvchi loyiha tashabbuskorlari kun sayin ortib bormoqda, istiqbolli taklif va murojaatlar kelib tushmoqda.
Oʻzbekiston tumanida joylashgan Shoʻrsuv togʻoldi hududi mamlakatimizning yerosti va yerusti tabiiy boyliklari bilan dong taratgan hudud. Respublika qurilish industriyasi uchun bu yerda ohaktosh, kimyo sanoati uchun oltingugurt singari maʼdanlar qazib olinadi. Asosiy xomashyoning sanoat korxonalari yaqinida joylashishi, tabiiyki, tadbirkorlar va ishbilarmonlarga koʻplab qulayliklar berdi, kelajak uchun strategik rejalar tuzish imkonini yaratdi.
“Shoʻrsuv sement” masʼuliyati cheklangan jamiyat shaklidagi korxona ham Shoʻrsuv kichik sanoat zonasida joylashgan. Korxonada sutkasiga 300 tonnagacha mamlakatimizdagi eng yuqori marka,yaʼni sulfatga chidamli portland sement ishlab chiqariladi. Namlik yuqori hatto muzlash sharoitida ham mustahkam qotadigan bu mahsulotni neft va gaz quduqlarini yerosti suvlaridan himoyalovchi beton ishlarini bajarishda suvosti doimiy turadigan poydevorlarni bunyod etishda doimiy ishlatib kelinmoqda.
Korxonalar barqaror ishlashi uchun xomashyo, ilgʻor texnologiyalar va mahsulot bozoriga ega boʻlishi kerak.Bu oltin qoida! Oʻshandagina sanoat korxonalarida doimiy barqarorlik va iqtisodiy oʻsish kuzatilishi mumkin.
–Karantin davrida 453 ta sanoat korxonalarimizdan 85 tasi oʻz faoliyatini vaqtincha toʻxtatgan edi, –deydi Oʻzbekiston tumani hokimining iqtisodiy masalalar boʻyicha oʻrinbosari Olimjon Sattorov. – Fargʻona viloyati yashil hududga oʻtishi munosabati bilan bugunga kelib 3 ta yirik korxonadan tashqari 450 ta sanoat korxonalarimiz oʻz faoliyatlarini toʻliq qayta tikladi. Qolaversa, Oʻzbekiston tumanida joriy yil 30 ta yirik investitsion loyiha amalga oshirilishi koʻzda tutilgan. Ularga jami 2 trln. 157 mlrd. soʻm kredit yoʻnaltirilishi hamda xorijiy kredit liniyalari mablagʻlari hisobidan 14 mln. AQSH dollari sarflanishi maqsad qilib olingan. Shu kungacha tuzilgan investitsion dasturlarimizning 22 tasi belgilangan muddatlarda faoliyatini boshlab 1 trln. 152 mlrd. soʻmlik mablagʻlar oʻzlashtirildi.
Qishloqda 40 ta ish oʻrni yaratgan hamda sut va qatiq,muzqaymoq ishlab chiqarishga ixtisoslashgan “Daza foods” Oʻzbekiston-Bolgariya qoʻshma korxonasi ham bugungi sinovli kunlarda oʻz faoliyatini barqaror saqlab qola oldi. Bunda davlat darajasida koʻrsatilgan koʻmak – qoʻllab quvvatlash oʻz samarasini berdi. Joriy qilingan vakolatlar va imtiyozlardan korxona toʻlaqonli foydalanayotir. Jumladan, bankdan olingan kredit shartlari imtiyozli ravishda uch oy muddatga muzlatilishiga erishildi. Bu esa korxona faoliyatida iqtisodiy imkoniyatlar eshigini ochdi.
–Shoʻrsuv kichik sanoat zonasida faoliyat koʻrsatuvchi korxonalar,tadbirkorlik subyektlari ham Bosh vazir qabulxonasi bilan ishlashni,uning koʻmagidan foydalanishni yaxshi yoʻlga qoʻya oldilar, –deydi “Albus” qurilish mollari ishlab chiqarish korxonasi rahbari Azizbek Mamajonov. –Ayniqsa, muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari tortish, sifatni yaxshilash ishlarida berilayotgan bunday koʻmak sezilarli boʻldi.Yaqinda yuqori tezlikka ega internetga ulanish uchun optik tolali tarmoq hamda suv taʼminoti masalasida murojaat qilgan edik.Masala uch kun muddatda koʻrib chiqilib,ayni kunlarda tarmoq yotqizish ishlari olib borilyapti. Imkon qadar mana shunday imkoniyatlardan samarali foydalanishga harakat qilyapmiz.
Ayni kunlarda Oʻzbekiston tumanining Obod qishloq mahallasidagi Shavkatjon Barotovning xonadoniga xaridorlar har kuni pomidor va bodring xaridi uchun eshik taqillatib keladilar.Gap shundaki, u bankdan 90 mln. soʻm kredit rasmiylashtirib tomorqasida issiqxona qurdi. Rafiqasi hamda oʻgʻli bilan qish fasli davomida issiqxonadan chiqmay mahsulot yetishtirdi.
– Ammo oʻzgalar koʻmagi, ayniqsa, davlat idoralari yordami boʻlmaganda bu ishlar amalga oshmay qolar edi, –deydi tomorqachi Sh.Barotov. – Avvaliga hech ishimiz bitmadi, koʻp eshiklarni taqillatishiga toʻgʻri keldi. 3 oy sarsongarchilik boʻldiyu natija boʻlmadi. Issiqxonaning boshlangʻich qurilishiga jamgʻargan mablagʻlarimizning hammasini sarflab boʻlgandim. Ilojsiz,najotsiz qolgandim oʻsha paytda. Shoʻrsuv sanoat zonasidagi tadbirkor doʻstimning maslahati bilan Bosh vazir qabulxonasiga murojaatimdan soʻng 20 kun ichida kredit masalalari ijobiy hal etildi.
Bugun aholi vakillari tuman bandlikka koʻmaklashish markaziga serqatnov boʻlib qolishgan. Chunki pandemiya sharoitida markazda fuqarolar bandligini taʼminlash har qachongidan ham koʻproq ahamiyat kasb etyapti.
Joriy yilning aprel oyida markaz orqali jami 98 korxona va tashkilotlar, tadbirkorlik subyektlariga 506 ta fuqarolar doimiy va mavsumiy ish bilan taʼminlangan. Shoʻrsuv kichik sanoat zonasida shu kungacha 10 dan ortiq sement zavodlariga 400 nafar fuqarolar doimiy ishlarga joylashtirilgan boʻlsa, joriy yilning avgust oylariga qadar bu koʻrsatkich 750 nafardan ortiqni tashkil etishi koʻzda tutilgan.
Ayniqsa, aholi vakillarini ish bilan taʼminlash,ularning shaxsiy biznesini ochishda qoʻllab quvvatlash zarurati har qachongidan ham muhim. Chorvachilik, parrandachilik, tomorqachilik kabi anʼanaviy sohalardan tortib hudud uchun nisbatan yangi boʻlgan sohalarni targʻib qilish kun tartibiga chiqqan.
Bugunga kelib Oʻzbekiston tumanida jami tadbirkorlik subyektlarining soni 2900 dan ziyod boʻlsa, ularning 1716 tasi yuridik maqomga ega. Karantin sharoitida ularning aksariyati oʻz faoliyatini vaqtincha toʻxtatdi va bu ishlar davlat xizmatlari markaziga ariza berish bilan amalga oshirildi. Endilikda esa Fargʻona viloyati, jumladan, Oʻzbekiston tumani ham yashil hudud maqomini olishi munosabati bilan ular faoliyatini yana qaytadan tiklamoqda.
Davlat xizmatlari markazlaridagi bunday qizgʻin jarayonlar sanoat va tadbirkorlik faoliyati, aholining kunlik turmush tarzi oʻz oqimiga tushayotganidan dalolat beradi. Oʻzbekiston tumanida yurtdoshlarimiz ayni bahoriy kunlar yurtimiz uzra balqib turgan tinchlik neʼmati qadrini teran his qilgan holda hayot kechirmoqda.
Elyorjon EHSONOV,
“Xalq soʻzi”
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring