Pandemiya Oʻzbekistondagi aeroportlarga qanday taʼsir qildi?
«Mamlakatimizdagi xalqaro aeroportlar 2019 yilning 9 oyida salkam 6 yarim million yoʻlovchiga xizmat koʻrsatgan, 2020-yilning xuddi shu davriga kelib esa, yoʻlovchilar soni oʻrtacha 1 million 800 nafarni tashkil etgan».
Bu haqda bugun AOKAda oʻtgan brifingda “Uzbekistan Airports” AJ axborot xizmati rahbari Laʼlixon Sobirova maʼlum qildi:
— Pandemiya sababli butun dunyo aviatsiya sohasida yuzaga kelgan holat Oʻzbekiston aeroportlarida ham kuzatildi. Karantin cheklovlari joriy qilinishi oqibatida aviaqatnovlar butunlay toʻxtadi, yoʻlovchilar oqimi keskin qisqardi. Bu tabiiyki jahonda investitsiyalar va sayyohlar oqimi kamayishiga olib keldi.
Vaholonki, 2020-yilning 19-20-fevral kunlarida boʻlib oʻtgan Xalqaro aviatsiya koʻrgazmasi hamda forumida “Uzbekistan Airports” AJ 14 ta xorijiy aviakompaniya bilan 34 ta shartnoma, 15 ta memorandum imzolagandi, unda jami 142 ta aviaqatnovni amalga oshirish moʻljallagan edi.
Tahlil natijalariga koʻra, yoʻlovchi va yuk aviatashuvlari boʻyicha Oʻzbekiston xalqaro aeroportlari 2019 yilning 9 oyida salkam 6,5 mln yoʻlovchiga xizmat koʻrsatgan, 2020-yilning xuddi shu davriga kelib esa, yoʻlovchilar soni oʻrtacha 1 mln 800 nafarni tashkil qilgan. 2019-yilda tashilgan yuk miqdori 51 ming 300 tonna boʻlsa, 2020-yilning mos davrida bu koʻrsatkich qariyb 50 ming tonnadan iborat boʻlgan.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring