“Paxtakor” va OKMK oʻz maqsadiga erishadimi?
Bugun qitʼamizning bir qator yashil maydonlarida Osiyo chempionlar ligasining guruh bahslariga chiqish uchun saralash bosqichining soʻnggi oʻyinlari boʻlib oʻtadi.
Xususan, Sharq va Gʻarb mintaqasiga boʻlingan holda tashkil etilayotgan bellashuvlarda yurtimizning ikki jamoasi — “Paxtakor” va “OKMK” ham oʻz oʻyinlarini safarda oʻtkazishadi.
Olmaliq shahrining “OKMK” klubi Saudiya Arabistonining kuchli jamoalaridan biri “An-Nasr”ga qarshi bahs olib boradi. 1955 yil Ar-Riyod shahrida tuzilgan “An-Nasr” klubi oʻtgan yil oʻz chempionatida bronza medalini qoʻlga kiritgan. Ushbu jamoani bugungi kunda portugaliyalik Rui Vitoriya boshqarib bormoqda. Jamoa safida himoyachi Maykon Roke (Braziliya), yarim himoyachi Juliano (Braziliya), Abdulrazzoq Hamdallah (Marokash) va darvozabon Bred Jons (Avstraliya) kabi legionerlar bor.
Mamlakatimizning koʻp karra chempioni “Paxtakor” esa Birlashgan Arab Amirliklarining “An-Nasr” jamoasi bilan oʻzaro hisob-kitob qiladi. 1945 yilda tashkil etilgan mazkur futbol klubi bugungi kunga qadar 3 marta BAA chempioni boʻlgan. Ayni paytda jamoani ispaniyalik murabbiy Benyat San Xose boshqarib bormoqda. Murabbiy Osiyo chempionlar ligasi uchun toʻrt nafar legionerni roʻyxatdan oʻtkazdi. Bular himoyachi Jon Umari (Livan), hujumchilar Ronni Allan Fernandez (Chili), Alvaro Negredo (Ispaniya) va Serxio Dutra Junior (Braziliya).
Koʻrib turganingizdek, ikkala jamoamiz ham jiddiy raqiblarga qarshi kuch sinashadi. Uchrashuvlar Toshkent vaqti bilan soat 20:00 da boshlanadi. Olingan maʼlumotlarga koʻra, “Sport” telekanali “An-Nasr” — “OKMK” bahsini jonli ravishda efirga uzatadi. “Paxtakor” ishtirokidagi oʻyin yozib olingan holda namoyish etiladi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring