“Paxtakor” va “Navbahor”da rejalar yoʻq, “Sevinch”da moliyaviy masalalar

16:30 10 Mart 2026 Sport
321 0

Kecha, Oʻzbekiston ayollar milliy terma jamoasi oʻz tarixida birinchi marotaba Osiyo kubogi musobaqasining chorak finaliga yoʻl oldi. Bu orqali jamoa Jahon chempionatiga chiqish uchun katta qadam tashlandi.

Uni ustiga 2029-yil Toshkent shahri ayollar terma jamoalari oʻrtasidagi navbatdagi Osiyo chempionatiga mezbonlik qiladi. Shunday ekan, keyingi 3-yilda ayollar futbolga boʻlgan eʼtibor har doimgidan-da yuqoriroq boʻlishi kutilayotgandi. Ammo, 2026-yilgi mavsum oldidan ayollar Oliy ligasida jiddiy muammolar yuzaga kelmoqda.

Uzunquloq gaplarga koʻra, “Paxtakor” klubining ayollar jamoasi yangi mavsumda ayollar Oliy ligasida ishtirok etmaydi. Shuningdek, birinchi liga vakili “Navbahor” klubining ayollar jamoasi ham tugatilishi kutilmoqda. Shuningdek, Oʻzbekistonning bayroqdor jamoasi “Sevinch” klubida ham moliyaviy muammolar yuzaga kelayotgani aytilmoqda.

Buning oʻzi ham yetmagandek, yana Oliy liganing qator jamoalarida ham ayollar jamoalarini moliyalashtirishni toʻxtatish boʻyicha rejalar mavjud. Xoʻsh, nega bunday muammo yuz bermoqda?

Avvalo, klublar nima sababdan ayollar jamoalarini moliyalashtirganiga ahamiyat beramiz. Bunga asosiy sabab Professional futbol ligasi tomonidan talab etiladigan litsenziyalash mexanizmi edi. Yaʼni, klublar PFL litsenziyasini olish uchun ayollar jamoalariga ega boʻlishi kerak edi.

Ammo, 2023-yildan ayollar futbol musobaqalarini tashkil etish PFLdan OʻFAga oʻtdi. Shundan soʻng, 2025-yilda Professional futbol ligasi oʻz tasarrufida boʻlmagan musobaqa uchun klublarni javobgarlikdan ozod qildi va 2026-yilgi mavsum litsenziyalash talablaridan ayollar jamoalarini moliyalashtirish masalasi olib tashlandi.

Shundan soʻng, ayollar jamoalarini faqatgina litsenziyalash masalasi uchungina moliyalashtirib kelgan baʼzi klublarda kelajakda ayollar jamoasidan voz kechish fikri paydo boʻldi.

2026-yilning boshida esa klublarni moliyalashtirish masalasida jiddiy muammolar kuzatildi. “Oʻzbekneftgaz” oʻz tasarrufidagi jamoalarga pul ajratishni toʻxtatdi. Shuningdek, “Surxon”, “Dinamo”, “Soʻgʻdiyona” va boshqa klublarda moliyaviy muammolar yuzaga keldi. Bu holat esa xarajatlarini qisqartirish majburiyatini oʻz boʻyniga olishi kerak boʻlgan klublar uchun ayollar jamoalari faoliyatini toʻxtatishga yoqilgan “yashil chiroq” boʻldi.

Shu tariqa Osiyo kubogi oldidan ayollar futbolida jiddiy muammolar paydo boʻlmoqda. Xoʻsh, OʻFA ayollar futbol boʻlimi bunga qanday chora koʻradi. Endi federatsiyaning yurishini kutamiz.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер