Madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov: Bu ulugʻlar tili: ortiqcha dalil va sharh shart emas

00:24 18 May 2020 Jamiyat
2431 0

Soʻzlarimni yaqin tarixdan boshlamoqchiman. Oʻzbekistonning Birinchi Prezidenti Islom Karimov yurt mustaqilligini eʼlon qilganda, zalda oʻtirganlarning aksariyati doʻppi kiygandi. Oradan hech qancha oʻtmay boshdan doʻppilarni yechdik. Bu voqeani nega esladik? Gap shundaki, biz mustamlaka paytida qadriyatlarimizni avaylashga koʻproq urinardik. Chunki ularga ochiq tahdid bor edi. Tahdidlar koʻtarilgach esa ushbu masalada xotirjamlikka berildik. Mumtoz musiqamiz, urf-odatlarimiz, milliy raqslarimizu madaniy merosimiz, atlasu doʻppilarimizni saqlab qoldik, deya ularga eʼtiborimiz susaydi. Jumladan, millatimiz koʻzgusi boʻlgan tilimizga ham...

Kuni kecha OAVda Rossiya Tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakili Mariya Zaxarovaning Oʻzbekiston Adliya vazirligi tomonidan oʻzbek tiliga daxldor qonun loyihasi muhokamaga kiritilishiga doir munosabati eʼlon qilindi. Avvalo, yurtimizda oʻzbeklar bilan tinch-totuv yashab kelayotgan koʻp sonli rus millati vakillariga, ularning tili va madaniyatiga chuqur ehtiromimni bildirgan holda bu boradagi fikrlarim bilan oʻrtoqlashmoqchiman. Va shuni alohida taʼkidlab oʻtamanki, shaxsan men madaniyat targʻibotchisi sifatida (OʻZBEK) tili ustuvorligini taʼminlovchi qonun qabul qilinishi tarafdoriman va unga amal qilishga tayyorman.

Men til masalasining MILLATIMIZ orasida har qancha muhokama qilinishiga qarshi emasman. Buni yoqlayman ham. Bu bizning ichki va faqatgina xalqimizga xos masalamiz. Oʻzbekiston Respublikasi mustaqillikning ilk kunlaridanoq tashqi siyosat borasida boshqa davlatlarning ichki ishlariga aralashmaslik tamoyiliga qatʼiy amal qilib kelmoqda. Oʻz navbatida ichki siyosatda yechim topiladigan masalalarda oʻziga nisbatan ham xuddi shu tamoyil qoʻllanilishi tarafdori.

Mariya Zaxarovaning fikrlari, avvalo, mana shu meʼyor chegarasini oshib oʻtish sifatida baholanadi. Tilimizga nisbatan koʻrsatilayotgan taʼsir madaniyatimizga aks javobning ilk qadamidir. Bunga insoniyat tarixida yetarlicha dalillar bor. Til – oʻzini hurmat qilgan har qanday millat uchun eng bebaho qadriyatdir. Qadriyatini yoʻqotgan millat esa oʻzligini yoʻqotadi. Sobiq shoʻrolar davrida rus tili maqomini koʻtarish maqsadida oʻzbek tilini mensimaslik, uni yoʻqotishga boʻlgan urinishlar, afsuski, oz boʻlsa-da, samara bergan. Va hali-hanuz biz uning taʼsiridan chiqib ketolmayapmiz.

Qaysi tilda muloqot qilish albatta har bir fuqaroning shaxsiy huquqi va bu qonun bilan himoyalangan. Lekin davlat tili maqomi haqida soʻz borar ekan bu boradagi har qanday qonunda faqat va faqat OʻZBEK TILIning ustuvorligi aks etishi shart!

Zaxarova xonimning aytishicha, rus tili filologiyasini oʻqitish, ruscha taʼlimni rivojlantirish boʻyicha hamkorlik kengaytiriladi. Albatta, xorijiy tilni oʻrganishning foydasi boʻlsa borki, zarari yoʻq. Biroq til toʻgʻrisidagi qonun loyihasi ozchilik tomonidan maʼqullangan, degan fikriga qoʻshilmayman.

Oʻzbek tili bu – Navoiy bobomiz tili. Amir Temur, Buxoriy kabi ulugʻlarimiz tili. U shunchalar mukammalki, bunga ortiqcha dalil va sharh shart emas. Rus tilining adabiy durdonalari, Pushkin, Lermontov, Tolstoylarning asarlari oʻzbek tiliga qanchalik mahorat bilan tarjima qilinganini yetuk mutaxassislar eʼtirof etishgan. Rus tilida ishlangan filmlarning oʻzbekcha talqinlariga, hatto, rus ijodkorlarining oʻzlari ham tan berishgan. Mana shunday boy, jozibador tilimiz turganda unga teng qoʻyiladigan boshqa tilga ne hojat?

Oʻzbek tili haqida rossiyalik tilshunoslar fikr bildirishganida toʻgʻri qabul qilamiz, biroq bu mavzu Tashqi ishlar vazirligi minbarida tilga olingani bekorga emas. Bu yerda aniq reja va siyosiy maqsadlar borligi kunday ravshan.

Men yurt farzandi sifatida tilimizdan qandaydir siyosiy manfaatlar yoʻlida foydalanilishiga mutlaqo qarshiman. Rossiya hukumatidan esa oʻzbek millatining xohish-irodasi, qadriyatlariga hurmat bilan munosabatda boʻlishni soʻrayman. Oʻzbekiston suveren-demokratik davlat sifatida oʻz yoʻlini oʻzi belgilashga qodir mamlakat.

Bu masalada boshqa hamkasblarimizni, jamoatchilikni, oʻzbek tilini or-nomus, milliy gʻurur ramzi deb biladigan barchani bebaho qadriyatimiz – tilimiz himoyasiga chaqiraman.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер