O‘ZNI O‘YLAMASAK KIM O‘YLAR BIZNI...

10:46 03 May 2024 Jamiyat
519 0

Arxiv surat

O‘tkir RAHMAT

Dunyo ayvonida kurash tugamas,
Ko‘ramiz bir kunda bahoru kuzni.
Ertaga ne bo‘lar hech kim ham bilmas,
O‘zni o‘ylamasak kim o‘ylar bizni?!

Lahzalar to‘xtamas hayot bardavom,
Aylanib keladi tunu kunduz ham,
Yon-verda kun ko‘rib yuribdi avom,
Ularning ichida bordirmiz biz ham...

Har yondan makkor yov boqadi hushyor,
Hasadu fitnani ko‘ngliga joylab.
Beminnat ko‘maklar barisi bekor,
Bosgan qadamimiz yuribdi poylab.

Ularning ko‘nglida nelar kechar jim,
Ming bir shumliklarni yashirgan, balki.
Do‘st deb o‘ylaganing chiqsa gar g‘anim,
Ishonchu vafoni tashlaydi yulqib.

Daqiqa, soatlar ichida olam,
Turqi tarovatin har ko‘yga solar.
Changalin botirib, qiynab qayg‘u, g‘am,
Insonni nogohon ming o‘yga solar...

Qadim yurt qaddini ko‘tardi axir,
Toptalgan qadri ham o‘zin tutdi tik.
Nelarni ko‘rmadi bu g‘arib taqdir,
Kun kelib ro‘shnolik, ozodlik ko‘rdik...

Yo‘llar ham ochildi bu olam aro,
Shimolu G‘arb endi go‘yo bir qadam.
Tillashib niyatlar bog‘lab o‘zaro,
Istiqbol yo‘lida shashtimiz bardam.

Ertamiz egasi bo‘lsa gar omon,
Kelajak tongidan ko‘ngil bo‘lar to‘q.
Kechagi kun emas, bu yangi zamon,
Axir jon Vatandan aziz zamin yo‘q.

Kim axir ko‘rsatar kamu ko‘stimiz,
Kim axir yo‘limiz aylaydi ravon?
Ona yurt ravnaqin o‘ylamasak biz,
O‘zgalar o‘ylamas axir hech qachon!

Kundan kun orzular chiqar ro‘yobga,
Kundan kun paydodir yangi qiyofa.
Bisotin ko‘rsatib har kun oftobga,
Zavq-shavqi tugamas, bilmas nihoya...

O yurtim!
Hali ham bordir gumrohlar,
Azobu qiynoqlar chiqqan xotirdan.
Bobolar poyiga qazganda chohlar,
Panada o‘zlarin olib o‘tirgan...

Bir “paxta ishi”dan chekdik ming jabr
Tuzumning qamchisi tushgan lahzalar.
Sinmagan matonat, tuganmas sabr,
Go‘yoki yurakka botgan larzalar...

Ko‘zlagancha yurar qaysi bir kimsa,
U zabun kunlarni qilmoqqa bayram.
Nahotki, qaqshatgan zamonni qo‘msab,
To‘tiqush misoli yurar u sayrab?!

O‘ylasang barchasi quruq safsata,
Bu kirli aldovlar tinch turmaydi hech.
O‘zgarib bormoqda olam – falsafa,
Ularning niyati endi sarob, puch.

Yog‘iy aniq, uning niyatlari ham,
Buning chorasini yaratgan berar.

Ichingdagi g‘anim... Qiladi alam,
Balki, yonimizda ko‘rinmay yurar.

Yovlardan qo‘rqmagin, ichingda xatar,
Go‘yoki ikkiga bo‘lingan jon-tan.
Ularki pinhona yov tomon o‘tar,
Eng avval shulardan xalos bo‘l Vatan!

Bas endi, uz qo‘rquv zanjirlarin ham,
Qachongacha noming zahmatkash, tantiq?
Qilgin orzularing bir yurakka jam,
Nurafshon tonglarga yorug‘ yuzla chiq.

Siz esa
xush boring yo‘ldan tonganlar,
O‘z tinchi yo‘lida yotganlar pusib,
Zohirda yolg‘ondan tutab-yonganlar,
Oq yo‘l sizga endi, yo‘q biror to‘siq.

Ochildi ko‘ngilning tilak daftari –
Obod bo‘lsin dedik bu chamanni biz.
Olg‘a odimlaymiz kelajak sari,
Yelkada ko‘tarib bu Vatanni biz.

Dunyo ayvonida kurash tugamas,
Ko‘ramiz bir kunda bahoru kuzni.
Ertaga ne bo‘lar hech kim ham bilmas,
O‘zni o‘ylamasak kim o‘ylar bizni?!
18.04.24.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер