OʼzLiDeP logotipini oʻzgartiradi
Joriy yilning 2-iyul kuni Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati –Oʻzbekiston Liberal-demokratik partiyasi Siyosiy Kengashi Ijroiya qoʻmitasining navbatdagi majlisi boʻlib oʻtdi.
Unda bugungi kunda partiya oldida turgan bir qator muhim masalalar muhokama qilindi.
Taʼkidlandiki, mamlakatimizda keyingi besh yilda barcha sohalarda chuqur islohotlar amalga oshirilmoqda. Bu jarayon davom etayotgan boʻlib, Oʻzbekiston yangi uygʻonish davri, Uchinchi Renessansga qadam qoʻymoqda.
Mislsiz yangilanishlar jarayoni siyosiy partiyalardan ham yana-da faollikni oshirishni, oʻz faoliyatini bugungi talablar darajasidan kelib qayta koʻrib chiqishni talab etmoqda.
Mana shunday talablar oʻlaroq OʼzLiDeP xalq bilan bevosita muloqot tamoyilini oʻz faoliyatiga keng joriy etmoqda. Bular tadbirkorlar bilan, fermerlar bilan, aholining turli qatlamlari vakillari bilan amalga oshirilayotgan doimiy uchrashuvlar, ularning faoliyatiga toʻsiq boʻlayotgan omillarni oʻz vaqtida aniqlash va hal qilishga qaratilgan harakatlarda oʻz aksini topmoqda. Aholi bilan muloqotlarda butunlay yangicha, jonli va xalqchil usullardan foydalanmoqda. Partiya rahbariyati va faollarining, deputatlik korpusi vakillarining aksariyat vaqtini joylarda aholi orasida oʻtkazishga harakat qilayotgani ham partiyaning imkon qadar xalqimiz bilan birga boʻlish, uni oʻylantirayotgan masalalar ichida boʻlishga intilayotganidan dalolat beradi. Partiya tuzilmalarida aholi murojaatlari, shikoyatlari bilan ishlash tizimi yoʻlga qoʻyilgani aholi bilan bevosita ishlash borasida amalga oshirilayotgan muhim ishlardan biri boʻldi.
Partiya tomonidan parlamentdagi oʻz fraksiyasi orqali mamlakatda amalga oshirilayotgan islohotlarning qonunchilik asoslarini takomillashtirish borasida amalga oshirilayotgan ishlarda ham mutlaqo oʻzgacha yondashuvlar joriy etilmoqda. Deputatlar tomonidan kiritilayotgan tashabbuslarning soni oʻtgan chaqiriqning shu davriga nisbatan ikki borabar oshganligi, ularning aksariyati aynan bugun aholini oʻylantirayotgan masalalar yechimiga qaratilganligi shundan dalolat beradi.
Mahalliy kengashlardagi deputatlik guruhlari orqali joylarda qonunlar va davlat dasturlari ijrosi ustidan qatʼiy nazoratni yoʻlga qoʻyishga boʻlgan intilish, bu borada sessiyalarga kiritilayotgan masalalar, deputatlik soʻrovlari sonining keskin oshganligida ham oʻz ifodasini topmoqda. Xususan, 2015-2016-yil 6 oyi hamda 2020-2021-yil oyi davomida eshituvlar soni 1600 dan 3100 taga, sessiyaga kiritilgan masalalar soni 700 tadan 1800 taga, sessiyada qabul qilingan qarorlar soni 500 tadan 1400 taga va deputatlik soʻrovlari soni 6 mingdan 21 mingtaga yetdi.
Buni keyingi vaqtda OʼzLiDeP oʻz faoliyatini mutlaqo qayta koʻrib chiqish, uni maksimal darajada xalq manfaatlaridan kelib chiqib va unga yaqin boʻlgan holda amalga oshirish yoʻlida amalga oshirayotgan saʼy-harakatlarining samarasi sifatida baholash mumkin.
Partiyani aholi dardlariga yaqin siyosiy tuzilma sifatida rebrending qilish borasida amalga oshirilgan ushbu ishlarning birinchi bosqichi yakuni bugungi kunga kelib OʼzLiDePga boʻlgan ishonch, aholi tomonidan uning gʻoyalarini qoʻllab-quvvatlovchilar soni izchil oshib borayotganida oʻz aksini topmoqda.
Xususan, keyingi uch yil ichida partiya aʼzolari soni 400 mingdan 1 millionga yetganligi va tinimsiz osha borayotganligi, boshlangʻich partiya tashkilotlari soni 13500 dan oshganligi bugun partiya saflarida turib mamlakatda amalga oshirilayotgan islohotlarda faol qatnashish istagida boʻlganlar soni oshib borayotganligini yaqqol dalilidir.
Mana shunday bir davrda OʼzLiDeP partiya rebrendingida yangi bir qadamni amalga oshirishga kirishmoqda.
Qayd etish kerakki, partiya rebrendingi, uning oʻzgarayotganligi toʻgʻrisida gap ketganda albatta nafaqat gʻoyalari, faoliyati, balki, asosiy ramzi (logotip) ga toʻxtalmaslik mumkin emas.
Partiya faoliyatidagi oʻzgarishlar albatta uning timsoli boʻlgan logotipida ham aks etishini davrning oʻzi taqozo etmoqda.
Keyingi uch oy davomida aholi bilan boʻlgan turli uchrashuvlar, muloqotlarda ham ushbu masala yuzasidan jamoatchilikning fikri oʻrganib borildi. Partiya faollari, keng jamoatchilikning fikr-mulohazalaridan soʻng shu maʼlum boʻldiki, bugungi talablar darajasiga mos ravishda oʻzgarish OʼzLiDePning logotipida ham oʻz aksini topishi kerak. Boshqacha aytganda, partiyaning yangi logotipi OʼzLiDeP islohotlarning yangi bosqichida oʻz oldiga qoʻyayotgan ulkan maqsadlarni oʻzida toʻla aks ettira oladigan logotip sifatida gavdalanishi zarur. Toki, butun xalq va xalqaro jamoatchilik ushbu ramzda OʼzLiDeP bugungi kunda oʻz oldiga qoʻygan maqsadlar aksini koʻra olsin.
Masala atrofida boʻlib oʻtgan munozaralardan keyin, ushbu maqsad va vazifalarni amalga oshirish maqsadida tegishli Ishchi guruhini shakllantirish toʻgʻrisida fikrlar koʻrib chiqildi.
Ushbu masalani partiya Siyosiy Kengashiga kiritgungacha boʻlgan davrda logotip boʻyicha partiya aʼzolari va aholi vakillari fikrlarini oʻrganish uchun barcha viloyatlarda muhokamalarni tashkil qilish lozimligi koʻrsatib oʻtildi. Yangi logotip imkon qadar koʻproq aholi vakillari va partiya aʼzolari fikrlarini oʻzida qamrab olgan haqiqiy xalqchil logotip sifatida shakllanishiga erishish zarurligi taʼkidlandi.
Masalaning muhimligi va partiya uchun ahamiyatidan kelib chiqqan holda uni partiya Siyosiy Kengashining keyingi majlisida koʻrib chiqish va ushbu yigʻilishni iyul oyining birinchi dekadasida Toshkent shahrida oʻtkazish toʻgʻrisida fikrlar bildirildi.
Koʻrib chiqilgan barcha masalalar yuzasidan partiya Ijroiya qoʻmitasining tegishli qarorlari qabul qilindi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring