Oʻzimizning Oybahor opamiz-ku...
Qishloqda gap yotmaydi. Oybahor opa Hasanovaning “Moʻtabar ayol” koʻkrak nishoniga sazovor boʻlgani bir zumda Mirishkor tumanidagi Chamanzor qishlogʻiga yetib bordi. Bu xushxabardan el quvondi. “Oʻzimizning Oybahor opamiz shunday eʼzozga munosib koʻrilibdi, bundan quvonmay boʻladimi?” deya bir-birini qutlashdi qishloqdoshlar. Bu Oybahor Hasanovaning elda obroʻ-eʼtibori, hurmati yuksakligidan dalolat berib turibdi.
Toʻgʻrida, u Qashqadaryoning eng chekka hududi Mirishkor tumaniga koʻchib kelganida endigi 18 yoshga toʻlgan, yoshgina kelinchak edi. Choʻl hududining “tuf” desangiz yerga tushmay muzlab qoladigan sovuqlariyu, yoz chillasining tandir hovuridek garmsel shamollari yoshgina, navnihol kelinchakni Samarqandga qaytib ketishga qanchalik undamasin, u bu qiyinchiliklarni sabr-bardoshi, matonati bilan yengdi. Turmush oʻrtogʻi bilan mushtni bir joyga oʻrib, choʻlda paxta ekdi, gʻalla parvarishladi, hayot sinovlarini mardonavor yengdi.
— Oʻzingning mehnating singgan joy qadrdon boʻlib qolar ekan,- deydi Mirishkor tumanidagi “Chamanzor” MFY raisining xotin-qizlar va maʼnaviy-ijtimoiy masalalar boʻyicha oʻrinbosari, tuman Kengashi deputati Oybahor Hasanova.- Hozir men uchun shu qishloqning har bir soʻqmogʻi, koʻchalari, odamlari shu qadar koʻnglimga yaqinki, ularsiz hayotimni tasavvur ham qila olmayman. Ikki oʻgʻlim shu yerda dunyoga keldi. Ular Vatan degan tushunchani shu yerdan boshlanadi deb bilishadi. Bundan tashqari meni bu yerga bogʻlab turgan yana bir muhim jihat bu – yoshligim, navqironlik davrimni eslatib turadi bu yerlar.
Oybahor opada kuyunchaklik bor. Bu fazilat elning hamjihatligi, farovonligi va bagʻrikengligi bilan chambarchas bogʻliq. Ayniqsa u yosh oilalarni mustahkam boʻlishi uchun qaygʻuradi. Shundan boʻlsa kerak, mahallada hozir ajrimlar deyarli yoʻq. 2705 nafar xotin-qizning hammasi Oybahor opani hurmat qiladi, soʻzini ikki qila olmaydi, izidan ergashadi. Shuning oʻzi uni mahallada xotin-qizlarga bosh boʻlishida muhim omildir.
—17 yildan buyon mahallada xotin-qizlar boʻyicha ishlayman, — deydi O. Hasanova. — Qishloqdagi hamma ayolni nomma-nom bilaman. Toʻgʻri, 57 nafar xotin-qiz “Ayollar daftari”ga kiritilgan boʻlsa, ularning 40 nafarini kasb-hunarga oʻqitib, sertifikat berdik. Hozirgi kunda 8 nafar xotin-qizga bankdan 20 million soʻmdan kredit olishiga koʻmaklashyapman. Oyimxol Atalikova 20 million soʻm kredit olib, tikuvchilikni yoʻlga qoʻygan boʻlsa, Gulshoda Salayeva 20 million soʻm kredit evaziga parrandachilikni yoʻlga qoʻydi. Gulhayo Xoʻjayeva 20 million 800 ming soʻm kredit olib, 20 nafar xotin-qizni gilamchilikka oʻqitishga kirishdi. 21 nafar boquvchisini yoʻqotgan, 4 nafar noturar joyda yashab turgan ayollardan ham koʻmagimizni ayamayapmiz.
— Qishloq ayollariga bosh boʻlish, ularning dardu hasratlarini toqat bilan eshitish, koʻmaklashish bu judayam ogʻir masala, — deyman G. Hasanovaga.
— Haqiqatda ogʻir yumush, ammo men muammosi hal etilgan ayol yuzida tabassum koʻrsam, yayrab ketaman, hayot koʻzimga yana-da yorqinroq namoyon boʻladi. Boshqa ayolni bilmadimu men qishloqda birorta notinch, noahil oilani koʻrsam, to ular yarashmaguncha yotib uyqum kelmaydi. Partiyamiz “Ayollar qanoti”ning “Bir deputat – 100 ayolga koʻmakchi” loyihasi tuman Kengashi deputati sifatida menga yana-da kuch baxsh etmoqda. Yengni shimarib, bor kuch bilan ishlashga daʼvat etyapti.
Bir soʻz bilan ifodalaganda, Oybahor opaning koʻksida porlab turgan «Moʻtabor ayol» koʻkrak nishoni haqiqiy maʼnoda uning Qashqadaryoning eng moʻtabar ayollaridan biri ekanidan dalolat berib turibdi. Zero, ayollari eʼzoz topgan yurt fayzli, qut-barakalidir.
Faxriddin Bozorov,
“Xalq soʻzi”
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring