“Oʻzbekneftgaz” va DXX xodimlari hamkorligida kondensat oʻgʻirlaganlikda gumon qilinganlar qoʻlga olindi
“Oʻzbekneftgaz” aksiyadorlik jamiyati korrupsiyaga hamda davlat tabiiy boyliklarini talon-taroj qilayotganlarga qarshi kurashish uchun Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari, Prokuratura, Ichki ishlar organlari bilan hamkorlikni yoʻlga qoʻydi. Bu haqda AJ matbuot xizmati xabar berdi.
Jumladan, Buxorodagi “Gazli” neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasi va DXXning Romitan tumani boʻlimi xodimlari bilan hamkorlikda “Uchqir-Kulbeshkak” konidagi gaz quvuri nazorat qilindi.
Tekshiruv vaqtida gaz quvuriga qoʻlbola xomut oʻrnatilib, choʻl ichkarisidagi sellofandan yasalgan hovuzga plastmassa shlangdan kondensat mahsuloti oʻgʻirlangani aniqlangan.
Hamkorlikda oʻtkazilgan yana bir tadbir natijasida 8050 litr kondensat oʻgʻirlangani holati fosh etilgan va Gʻijduvon tumani Buqtaroy qishlogʻidan boʻlgan toʻrt kishi, Qorakoʻl tumani Ziyorat QFYda yashovchi uch kishi ushbu oʻgʻirlikda gumon qilinib qoʻlga olingan. Hozirda ushbu holat yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 169-moddasi g-bandi tartibida №062301/2020-9-sonli jinoyat ishi qoʻzgʻatildi.
“Oʻzbekneftgaz” aksiyadorlik jamiyati tabiiy boyliklarni noqonuniy yoʻllar bilan talon-taroj qilinishi holatlarini oldini olish va bu holatga chek qoʻyish maqsadida huquqni muhofaza qilish idoralari bilan hamkorlikda, keng koʻlamli tadbirlar davom etishini maʼlum qildi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring