Oʻzbekistonning Jahon savdo tashkilotiga aʼzo boʻlishi boʻyicha Ishchi guruhning 7-yigʻilishi oʻtkazildi
Soʻnggi yillarda Oʻzbekistonning Jahon savdo tashkilotiga (JST) aʼzo boʻlishi boʻyicha tizimli ishlar amalga oshirilmoqda, jumladan, mazkur jarayonni jadallashtirish maqsadida koʻp tomonlama va ikki tomonlama muzokaralar oʻtkazib kelinmoqda.
Shular qatorida, oʻtgan haftada Oʻzbekistonning JSTga aʼzo boʻlishi boʻyicha Ishchi guruhning 7-yigʻilishi oʻtkazildi. Yigʻilish davomida tovarlar va xizmatlar savdosi, investitsiya, bojxona, texnik jihatdan tartibga solish, sanitariya va fitosanitariya, intellektual mulk huquqlari va boshqa sohalar muhokama qilindi.
Shu oʻrinda taʼkidlash lozimki, milliy qonunchilikni JST bitimlari va qoidalariga uygʻunlashtirish JSTga aʼzolik masalalarini jadallashtirishning asosiy boʻgʻini hisoblanadi.
Shunga muvofiq, tadbirda adliya vaziri oʻrinbosari Alisher Karimov Ishchi guruhning 6-yigʻilishidan keyin amalga oshirilgan qonunchilikdagi oʻzgarishlar, milliy qonunchilikni JST bitimlariga uygʻunlashtirish boʻyicha ishlab chiqilgan loyihalar hamda yangi chora-tadbirlar haqida taqdimot qildi. Shuningdek, Milliy qonunchilikni JST bitimlariga uygʻunlashtirish boʻyicha yangi chora-tadbirlarni oʻz ichiga olgan yangilangan Qonunchilik harakatlari rejasi, qabul qilingan hujjatlar va ishlab chiqilgan loyihalarning tarjimalari JST Kotibiyatiga taqdim etildi.
Yigʻilish soʻnggida Ishchi guruh yigʻilishi ishtirokchilar tomonidan Qonunchilik harakatlari rejasini amalga oshirishdagi sezilarli muvaffaqiyat yuqori baholandi va qonunchilikni muvofiqlashtirish boʻyicha ishlar davom ettirilishi maʼlum qilindi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring