Oʻzbekistonning uchta hududida 500 mingdan ortiq aholi uchun suv taʼminoti va kanalizatsiya xizmatlari sifati yaxshilanadi
Bu haqda AOKAda oʻtkazilgan brifingda «Oʻzsuvtaʼminot» axborot xizmati rahbari Akmal Murodov maʼlum qildi:
“17-may kuni Oʻzbekiston va Jahon banki «Oʻzbekistonda suv taʼminoti xizmatlari sektorini rivojlantirish va uni institutsional qoʻllab-quvvatlash” va “Milliy innovatsion tizimni modernizatsiya qilish” loyihalari boʻyicha kelishuvga erishdi. Hamkorlik bitimlari Moliya vazirligida, Markaziy Osiyo mamlakatlari boʻylab birinchi ish safari doirasida Jahon bankining Yevropa va Markaziy Osiyo boʻyicha vitse-prezidenti Anna Byorde bilan boʻlib oʻtgan uchrashuvda imzolandi.
Loyihani amalga oshirish uchun JB tomonidan 239 mln AQSH dollari miqdorida imtiyozli kredit, shuningdek, Shveysariya davlat kotibiyatining iqtisodiy masalalar boʻyicha 7,8 mln AQSH dollari miqdoridagi granti ajratiladi.
Loyiha doirasida Oʻzbekistonning uchta hududida 500 mingdan ortiq aholi suv taʼminoti va kanalizatsiya xizmatlaridan yana-da sifatli foydalana oladi. Qoraqalpogʻiston Respublikasida Nukus, Taxiatosh va Xoʻjayli shaharlarida kanalizatsiya-tozalash inshootlarini rekonstruksiya qilish rejalashtirilgan. Shuningdek, Sirdaryo viloyati va Samarqand viloyatining Kattaqoʻrgʻon shahrida suv taʼminoti va kanalizatsiya tarmoqlari kengaytirilib, rekonstruksiya qilinadi».
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring