Oʻzbekistonning sarmoyaviy va sayyohlik salohiyati Yaponiyada taqdim etildi
Foto: “Dunyo” AA
Yaponiyaning Fukushima shahrida Oʻzbekistonning sarmoyaviy va sayyohlik salohiyatiga bagʻishlangan seminar oʻtkazildi.
Unda Yaponiya parlamentining Vakillar palatasi deputatlari, Fukushima prefekturasida faoliyat olib borayotgan ishbilarmon doira va turizm kompaniyalari vakillari, “Fukushima – Oʻzbekiston” madaniy-iqtisodiy aloqalar jamiyati aʼzolari, shuningdek, mahalliy hokimlik vakillari qatnashdi.
“Dunyo” AA tomonidan xabar qilinishicha, tadbir avvalida ushbu mamlakat parlamentining Vakillar palatasi deputati Emi Kaneko soʻzga chiqib, Yaponiya Oʻzbekistonni Markaziy Osiyo mintaqasidagi strategik hamkor davlat sifatida bilishini taʼkidladi. Shuningdek, u soʻnggi yillarda ikki davlat oʻrtasidagi keng qamrovli sheriklik aloqalari jadal surʼatlarda rivoj topib borayotganini alohida qayd etdi.
Oʻzbekiston elchisi Muhsinxoʻja Abdurahmonov oʻz maʼruzasida, ishtirokchilarni mamlakatimizning investitsiya, savdo va turizm sohalaridagi salohiyati bilan tanishtirdi. Shuningdek, 2023-yil natijalari va 2024-yilda Oʻzbekiston iqtisodiyotini yanada rivojlantirish boʻyicha belgilangan muhim vazifalar taʼkidlandi.
“Sunshine Partners” kompaniyasi bosh konsultanti Yukimi Nakada, oʻz navbatida, Oʻzbekistonda faoliyat olib borayotgan yapon kompaniyalarining samarali faoliyati haqida soʻzlab berdi.
Ishtirokchilar, shuningdek, Oʻzbekistonning Samarqand, Buxoro, Xiva va Shahrisabz kabi shaharlaridagi tarixiy obidalar, sayyohlik maskanlari haqidagi muhim maʼlumotlar bilan ham tanishdilar.
Seminar yakunida Fukushimadagi yetakchi kompaniyalar vakillari bilan Oʻzbekistondan eksport hajmini koʻpaytirish, mamlakatimizga sayyohlar oqimini oshirish yuzasidan samarali muzokaralar oʻtkazildi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring