O‘zbekistonning Qozog‘istondagi yangi elchisi tayinlandi
Foto: “Дунё”
Baxtiyor Ibragimov Oʻzbekistonning Qozogʻistondagi yangi favqulodda va muxtor elchisi etib tayinlandi. Bu haqda “Dunyo” AA xabar bermoqda.
Maʼlumot uchun, Oʻzbekistonning yangi elchisi — Baxtiyor Ibragimov 51 yoshda. Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti va Rossiya tashqi savdo akademiyasini tamomlagan.
U mehnat faoliyatini 1994-yilda Oʻzbekiston Tashqi iqtisodiy aloqalar vazirligi (hozirgi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi) markaziy apparatida boshlagan. Ibragimov u yerda yetakchi, bosh mutaxassis, vazir yordamchisi, bosh boshqarma boshligʻi lavozimlarida ishlagan. 2001-yilda Oʻzbekistonning AQSHdagi elchixonasiga birinchi kotib, soʻngra savdo-iqtisodiy masalalar boʻyicha maslahatchi sifatida ishga yuborilgan.
Xorijiy xizmat safaridan qaytgach, Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligi qoshidagi iqtisodiy tuzilmalarda, Vazirlar Mahkamasida shoʻba mudiri sifatida faoliyat yuritgan.
2019−2022-yillarda Birlashgan Arab Amirliklarida elchi boʻlgan. Shuningdek, TIV departamenti direktori, Oʻzbekiston turizm va madaniy meros vaziri oʻrinbosari lavozimlarida ishlagan.
Baxtiyor Ibragimov 2018−2024-yillarda Qozogʻistonda elchi boʻlib ishlagan Saidikrom Niyozxoʻjayev oʻrniga tayinlandi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring