Denominatsiya qilingan navbatdagi suveren xalqaro obligatsiyalar London fond birjasida joylashtiriladi
2021-yil 8-iyul kuni Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi navbatdagi AQSH dollari va oʻzbek soʻmida denominatsiya qilingan suveren xalqaro obligatsiyalarini London fond birjasida joylashtirilishini eʼlon qildi.
Milliy valyutadagi xalqaro obligatsiyalardan kelib tushgan mablagʻlar Barqaror rivojlanish maqsadlarini (BRM) moliyalashtirish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi uchun BRM obligatsiyalari dasturi doirasida ishlatilishi rejalashtirilgan. Bu haqda vazirlik axborot xizmati xabar berdi.
Suveren xalqaro obligatsiyalarning joylashtirilishini samarali tashkil etish maqsadida xalqaro investitsion banklar va yuridik firmalarga oʻz takliflari boʻyicha soʻrovnomalar (Request of Proposals) yuborildi va raqobatli tanlov asosida quyidagi bank-anderrayterlar, qoʻshma bukrannerlar va yuridik konsultantlar tanlab olindi:
bank-anderrayterlar – “Citi” (AQSH), “J.P.Morgan Chase” (AQSH), “Gazprombank” (Rossiya) va “MUFG” (Yaponiya); yuridik konsultant – “Dentons” (Buyuk Britaniya).
Shu bilan birga, Moliya vazirligi tomonidan navbatdagi suveren xalqaro obligatsiyalarni muomalaga chiqarish boʻyicha barcha zaruriy chora-tadbirlar, jumladan emissiya prospekti va boshqa yuridik hujjatlar tayyorlandi.
Kun davomida «Roud-shou» (Roadshow) tadbiri doirasida xalqaro investorlar uchun telekonferetsiya (Global Investor Call) oʻtkazish rejalashtirilgan va unda AQSH, Buyuk Britaniya, Germaniya, Fransiya, Daniya va Shveysariya kabi mamlakatlardan xalqaro investorlar ishtirok etishi kutilmoqda. Shuningdek, 8-9-iyul kunlari xalqaro investorlar bilan “yakkama-yakka” (one-on-one) formatida telekonferetsiyalar boʻlib oʻtadi.
Telekonferensiya davomida xalqaro investorlarga mamlakatimizning joriy makroiqtisodiy koʻrsatkichlari, pandemiya sharoitida barqarorlikni taʼminlash boʻyicha amalga oshirilgan chora-tadbirlar, uzoq muddatli iqtisodiy rivojlanishga qaratilgan tizimli va institutsional islohotlar, davlat korxonalari va bank sektorini isloh qilish va xususiylashtirish istiqbollari boʻyicha taqdimot qilinmoqda.
Qoʻshimcha maʼlumot tranzaksiya jarayonida taqdim etib boriladi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring