Oʻzbekistonning AQSHdagi elchixonasi hududida axborot burchagi tashkil etildi

12:37 02 May 2024 Siyosat
431 0

Oʻzbekistonning AQSHdagi elchixonasi binosining old qismida namunaviy axborot burchagi tashkil etildi.

Ushbu loyiha yurtimizning turizm salohiyatini AQSHda keng namoyon qilish, mamlakatimizni xorijliklarga yanada tanitish va buyuk ajdodlarimiz qoldirgan buyuk meros toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni Vashington shahri aholisi va mehmonlari oʻrtasida keng targʻib qilish maqsadida amalga oshirildi.

Axborot burchagida Oʻzbekiston sayyohlik salohiyati, elchixona tarixi hamda buyuk ajdodimiz Abu Rayhon Beruniyning dunyo ilm-fani rivojiga qoʻshgan ulkan hissasi va bebaho merosi haqidagi maʼlumotlar joylashtirildi. Eʼtiborga molik jihati, Oʻzbekiston haqidagi yangiliklarga qiziquvchilar ushbu axborot burchagida koʻrsatilgan “QR-code”ni skanerlash orqali maʼlumotlar bilan chuqurroq tanishishlari mumkin boʻladi.

Shu oʻrinda qayd etish kerakki, Oʻzbekiston diplomatik vakolatxonasi geografik joylashuvi jihatdan Vashington shahrining serqatnov Massachusetts avenyu koʻchasida joylashgan. Ushbu koʻchadan har kuni 125 mingdan ortiq odam oʻtadi. Shuningdek, nufuzli Brukings instituti (Brookings Institute) va Jonc Xopkins universiteti (Johns Hopkins University) ushbu manzilda faoliyat koʻrsatadi.

Vashington shahrida doimiy ravishda yirik anjumanlar, sayllar va boshqa tadbirlar boʻlib oʻtishini inobatga olgan holda aytish mumkinki, mazkur axborot burchagi yurtimiz turistik salohiyati, tarixi va ota-bobolarimiz merosi toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni keng ommalashtirishga xizmat qiladi.

Shuningdek, yaqin kunlarda elchixona binosining kirish qismida raqamli displey oʻrnatish ham rejalashtirilgan. Ushbu ekranda yurtimiz sayyohlik salohiyati, tarixi va madaniyati toʻgʻrisidagi maʼlumotlar, Oʻzbekistonda oʻtkaziladigan xalqaro tadbirlar boʻyicha anonslar va videoroliklar namoyishi yoʻlga qoʻyiladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер