Oʻzbekistonliklar 18 yoshni nikoh uchun erta deb hisoblashmoqda
Oʻzbekistonliklar 21-25 yoshni ham qizlar, ham yigitlar uchun oila qurishga eng yaxshi yosh deb hisoblashadi. Bu xulosa “Ijtimoiy fikr” Markazi oʻtkazgan tadqiqotlar natijalari orqali maʼlum boʻldi.
Tadqiqotlarda respublikamizning barcha hududlarida, shahar va qishloq joylarida yashovchi 18 va undan katta yoshdagi fuqarolar, turli soha va tarmoqlarda band boʻlgan turli ijtimoiy guruhlar vakillari ishtirok etishgan.
Qayd etilishicha, Oʻzbekistonliklar 21-25 yoshni ham qizlar, ham yigitlar uchun oila qurishga eng yaxshi yosh deb hisoblashadi. Boshqacha qilib aytganda, respondentlarning fikriga koʻra, yoshlarning nikohga kirish vaqtini kechiktirishlari ularga maʼlumot olish yoki kasb-hunar egallashga, moddiy mustaqil boʻlishga imkon beradi.
Telefon soʻrovi, umuman olganda, erta nikoh odatda erta yosh orqali aniqlanishi haqidagi toʻgʻri tasavvurni aniqlab berdi. Ayni paytda respondentlarning 18 yosh ham qizlar, ham yigitlar tomonidan nikoh tuzilishi uchun erta yosh hisoblanishiga ishonchlari komil.
Tadqiqot shuni koʻrsatdiki, Oʻzbekistonda erta nikohlarning tarqalganligiga beriladigan baho ularning yuqori darajada tarqalganligidan (37,3%) kamroq darajada uchrab turishigacha (37,1%), faqat ayrim viloyatlarda (16,8%) yoki alohida holatlarda (1,5%) uchrab turishigacha boʻlgan doirada oʻzgarib turadi va salbiy hisoblanadi. Respondentlarning fikriga koʻra, ayol uchun erta nikohga kirish va buning natijasida barvaqt homiladorlik va tugʻish uning salomatligiga salbiy taʼsir koʻrsatadi, jumladan, qizlarga hayotning turli sohalarida oʻzini namoyon qilishi uchun imkoniyatlar va taʼlim olishni cheklaydi.
Oʻtkazilgan soʻrov erta nikohlar sabablarini aniqlash imkonini berdi. Ular orasida: ota-onalarning oʻz farzandlari oilaviy hayotini tezroq yoʻlga qoʻyishga intilishi (48,1%), lozim darajadagi tarbiyaning mavjud emasligi va yoshlarning reproduktiv salomatlik masalalarida savodsizligi (25,9%), foydali nikoh hisobidan oʻzining moddiy ahvolini oʻnglash istagi (22,5%), rejalashtirilmagan homiladorlik (15,2%) va h.k.lar bor.
Oʻzbekistonliklar erta nikohlarning salbiy oqibatlari sifatida quyidagilarni koʻrsatishdi: ehtimoliy ajrimlar (49,6%), xotin-qizlarning reproduktiv salomatligi va bolalar salomatligiga salbiy taʼsir (44,8%), ehtimoliy maishiy zoʻravonlik (19,5%) va hayotning turli sohalarida oʻzini namoyon qilish imkoniyatiga salbiy taʼsir (17,5%).
Tadqiqot davomida uning ishtirokchilari erta nikohlarning salbiy oqibatlari haqida xabardorlikni oshirish, oʻsmir va yoshlarni erkak va ayolning oʻzaro munosabatlari, oilaviy hayot, reproduktiv salomatlik va uni saqlash usullari haqida xabardor qilish boʻyicha maʼrifiy tadbirlarni oʻtkazish orqali erta nikohlar amaliyotining oldini olish zarurligi haqida fikr bildirishgan.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring