Oʻzbekistonlik tibbiyot xodimlarining malakasi Germaniyada tan olinmoqda
Oʻzbekiston elchixonasi vakillari Gamburg Savdo palatasida boʻlib oʻtgan “Sogʻliqni saqlash sanoati uchun malakali kadrlar: Markaziy Osiyoga eʼtibor” mavzusida davra suhbatida ishtirok etishdi.
Savdo-sanoat palatasi “Sharqiy Yevropa” ishchi guruhi rahbari Mirko Novak tadbirning ochilish qismidagi nutqida Oʻzbekistonga sarmoya kiritish yoki biznes ochish istagida boʻlganlar soni tobora ortib borayotgani, mazkur iqtisodiy tadbir Germaniya uchun ham Markaziy Osiyo davlatlari uchun ham katta ahamiyat kasb etishini bildirdi.
Forumda “CCH — Care Consultants Hamburg” tashkiloti vakili Tomas Flotov, “Alfa Personnel Care” agentligi direktori Torsten Mayer va boshqalar Gamburg federal oʻlkasida sogʻliqni saqlash sohasidagi ehtiyoj, xorijiy malakali kadrlarni integratsiyalashuvi haqida maʼruza qildilar.
Nemis mutaxassislari Oʻzbekiston tibbiyot xodimlarining malakasi Germaniyada ham tan olinayotgani, kasbiy bilimlardan tashqari nemis tilini puxta oʻrgangani, turli sinov dasturlardan muvaffaqiyatli oʻtganliklarini eʼtirof etdilar. Bugungi kunda Oʻzbekistondan oʻnlab tajribali tibbiyot xodimlari mamlakatda faoliyat yuritayotgani alohida qayd etildi.
Bundan tashqari, Oʻzbekiston, Tojikiston va Qirgʻiziston elchilari ushbu sohadagi malakali kadrlarni Germaniyaga jalb qilish imkoniyatlari xususida soʻz yuritdilar.
Oʻzbekiston elchisi Dilshod Axatov oʻz navbatida, yigʻilganlarga mamlakatimiz hukumati tomonidan keyingi yillarda xorijda ishlash istagidagi fuqarolarimizga yaratilayotgan imkoniyat va imtiyozlar haqida soʻzlab berdi. Shuningdek, diplomat izchil islohotlar tufayli Germaniyaga ishlash uchun kelayotgan tibbiyot xodimlarini dastlab nemis tiliga oʻqitish, ularning kasbiy malakasini tasdiqlovchi xalqaro sertifikatlar taqdim etish, ularni moliyaviy va ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash, hayoti va sogʻligʻini sugʻurtalash, xorijdan qaytib kelganidan keyin bandligini taʼminlash masalalari ham davlat tomonidan alohida eʼtibor va nazoratga olinganini taʼkidladi.
Ochiq muloqot tarzida oʻtkazilgan davra suhbati qizgʻin bahs-munozaralarga boy boʻldi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring