Oʻzbekistonlik mutaxassislar Turkiyada urugʻlik kartoshka yetishtirishni oʻrganmoqda

16:31 20 Oktyabr 2022 Iqtisodiyot
1293 0

Foto: “Xalq soʻzi”

Birlashgan Millatlar Tashkilotining Oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi tashkiloti (FAO) oʻzbekistonlik bir guruh mutaxassislar uchun Turkiyaning kartoshka urugʻchiligi tajribasini oʻrganish maqsadida ushbu davlatga oʻquv safarini tashkil etdi. 

Uning ishtirokchilari orasida Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi huzuridagi Meva-sabzavotchilik, uzumchilik, polizchilik va kartoshkachilikni rivojlantirish boshqarmasi vakili ham bor edi.

Ushbu oʻquv safari FAOning “COVID-19 ga javoban kartoshka sektorini tiklash va rivojlantirish” loyihasining bir qismi boʻlib, u Oʻzbekistonda kartoshkachilikni rivojlantirishga qaratilgan. Loyihani amalga oshirish jarayonida kartoshka navlarini roʻyxatga olish va urugʻlikni sertifikatlash tizimini takomillashtirish, mahsulot yetishtirishni modernizatsiya qilish boʻyicha ilmiy-tadqiqot ishlarini takomillashtirish, yuqori sifatli kartoshka yetishtirishni rivojlantirish va uni saqlash sharoitlarini yaxshilash, eng muhimi, ushbu sohada faoliyat yuritayotgan fermerlar, agronomlar va shu sohalarda ishlaydigan boshqa mutaxassislarni tayyorlash boʻyicha ishlar olib borilmoqda.

Urugʻlik kartoshka ekish uchun maxsus yetishtiriladi. Bunday kartoshka kasalliklarga chidamli va yuqori hosil beradi hamda uning narxi oddiy kartoshka narxidan bir necha baravar yuqori boʻladi. Kartoshka urugʻini yetishtirish ishlari odatda bir necha yil davom etadi. Bu borada Turkiya katta salohiyatga ega. Mamlakatda har yili 150 ming gektar maydonda 5 mln. tonnaga yaqin kartoshka yetishtiriladi, shundan 450 ming tonnaga yaqini urugʻlik hisoblanadi.

Oʻquv safari davomida, avvalo, Oʻzbekiston delegatsiyasi dastlab Turkiyaning Sivas shahrida kartoshka urugʻlik ishlab chiqarish boʻyicha eng yirik “Doga Seed” korxonasida boʻlib, mahsulot yetishtirishning turli bosqichlari bilan yaqindan tanishdi. Navbatdagi manzil Turkiya kartoshkachilik ilmiy-tadqiqot instituti joylashgan Nigʻde shahri boʻldi. Institutda olib borilayotgan ilmiy izlanishlar haqida taqdimot oʻzbekistonlik mutaxassislar eʼtiboriga havola etildi. Shuningdek, ular laboratoriyalar, issiqxonalar va tajriba maydonlarida, soʻngra Tirxon qishlogʻidagi fermer xoʻjaliklarida boʻlib, fermerlar bilan muloqot qilishdi, hattoki bu yerda kartoshka yigʻish jarayonida ham ishtirok etishdi.

Keyin esa hamyurtlarimiz kartoshka saqlash uchun foydalaniladigan noyob tabiiy gʻorlari bilan mashhur boʻlgan Nevshehirga tashrif buyurishdi. Omborlarning tuzilishi va mahsulotlarni saqlash usullarini oʻrgangan Oʻzbekiston delegatsiyasi “Doga Seed” kompaniyasining Nevsehir shahrida joylashgan yana bir qancha obyektlari, jumladan, fri kartoshkasi ishlab chiqarish zavodida boʻlishdi.

Anqarada oʻzbekistonlik mutaxassislar Turkiyada sertifikatlangan urugʻlik kartoshka yetishtirish va kartoshka navlarini roʻyxatdan oʻtkazishning turli masalalariga masʼul boʻlgan davlat idoralari — Turkiya Qishloq va oʻrmon xoʻjaligi vazirligining Oʻsimlikchilik bosh boshqarmasining Urugʻchilik boʻlimi, Turkiya navlarini roʻyxatga olish va urugʻlikni sertifikatlash markazi hamda Oʻsimliklarni himoya qilish markaziy ilmiy-tadqiqot instituti kabi muassasalarda uchrashuvlar oʻtkazishdi.

— Turkiyadagi Kartoshkachilik ilmiy-tadqiqot institutida boʻlar ekanmiz, yangi kartoshka navlarini yaratish, urugʻlik kartoshkani yetishtirish boʻyicha olib borilayotgan tadqiqotlar bilan tanishib chiqdik, — deydi Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligining Sabzavotchilik, kartoshkachilik va polizchilik boʻlimi yetakchi mutaxassisi Azizjon Raimov. — Ayni kunlarda u yerda biotexnologik usulda “in-vitro” sharoitida kartoshka urugʻligini koʻpaytirish boʻyicha laboratoriyadagi ishlar olib borilyapti ekan. Ushbu ilmiy-tadqiqot institutida kartoshkaning 10 ta navi yaratilgan boʻlib, ularning qurgʻoqchilikka, nematoda kabi zararkunandalarga chidamliligi oʻrganilmoqda. Institut olimlari tomonidan chet mamlakatlardan introduksiya qilingan kartoshka navlarini mahalliy muhitga moslashtirish boʻyicha kerakli tavsiyalar berildi. Shuningdek, ekinlarni almashlab ekish yoʻnalishida ham Turkiya tajribasini oʻrgandik. Institut qoshidagi 500 tonna sigʻimga ega kartoshka saqlash ombori bilan tanishdik. Safarimiz natijasida respublikamizda davlat tomonidan kartoshka yetishtiruvchilarni qoʻllab-quvvatlash maqsadida Turkiya tajribasi asosida mineral oʻgʻitlar, sugʻorish tizimlari, yoqilgʻi kabi moddiy resurslarga subsidiya hamda imtiyozli kreditlar ajratadigan muassasalarni tashkil etish taklifini berdik. 

Urugʻlik kartoshkasi yetishtirish boʻyicha Turkiyaning ilgʻor tajribasini oʻrganish oʻzbekistonlik mutaxassislarga mahalliy ishlab chiqaruvchilarni qoʻllab-quvvatlash va Oʻzbekistonda kartoshkachilik salohiyatini oshirish maqsadida xorijiy tajribani samarali joriy etish imkonini beradi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер