Oʻzbekistonlik chavandozlar xalqaro turnirning mutlaq gʻolibi

17:30 01 Iyun 2021 Sport
1031 0

2021-yilning 27 — 30-may kunlari Qirgʻiziston poytaxti Bishkek shahrida ot sportining konkur yoʻnalishi boʻyicha “FEI Jumping CSIO1-W Worid Cup Eurasian League” va “FEI Jumping Nations Cup” xalqaro musobaqalari boʻlib oʻtdi.

Xalqaro ot sporti federatsiyasi va YevroOsiyo ot sporti assotsiatsiyasi shafeligida oʻtkazilgan mazkur xalqaro turnirlarda Rossiya, Qozogʻiston, Qirgʻiziston va Oʻzbekistondan chavandozlar sovrinli oʻrinlar uchun kurash olib bordi.

Musobaqada YevroOsiyo ot sporti assotsiatsiyasi vitse-prezidenti va Oʻzbekiston yilqichilik va ot sport federatsiyasi raisi Bahromjon Gaziyev rahbarligida yigirma nafar sportchi ishtirok etib, yuqori natijalarni qoʻlga kiritdi.

Jumladan, musobaqaning birinchi kuni chavandozlarimiz uchun omadli boʻldi. 140 sm balandlikka sakrashda xalqaro toifadagi sport ustasi, Oʻzbekiston Respublikasi terma jamoasi bosh murabbiyi Bekzod Qurbonov “Qirol Kornet L” laqabli otida birinchi oʻrinni qoʻlga kiritdi.

120 sm balandlikka sakrash bahsida xalqaro toifadagi sport ustasi Saidamirxon Turgʻunboyev “Kornet BS” laqabli otida birinchi oʻringa sazovar boʻldi.

Musobaqa doirasidan oʻrin olgan Gran-pri turkumiga kiruvchi bahslarda ham Oʻzbekiston terma jamoasi sportchilari birinchi oʻrinni egallab, Qirgʻiziston, Qozogʻiston va Rossiya chavandozlarini ortda qoldirdi.

Birinchi oʻrinni xalqaro toifadagi sport ustasi Umid Komilov “Numero Uno Rafael” laqabli otida, Ikkinchi oʻrinni Bekzod Qurbonov “Sir Stenograph” laqabli otida, 3-oʻrinni esa Qurbonov Bekzod “Qirol Kornet L”da, 4-oʻrinni Nurjon Tuyakbayev “Lancelota” laqabli otida qoʻlga kiritdi.

Turnirning navbatdagi kuni Oʻzbekiston, Rossiya , Belarus, Qozogʻiston, Qirgʻiziston kabi mamlakat vakillari galdagi dastur — chavandozlar 130 sm balandlikdagi toʻsiqdan oshib oʻtish boʻyicha bellashishdi.

Mazkur yoʻnalishda barcha sovrinli oʻrinlarni Oʻzbekiston terma jamoasi vakillari qoʻlga kiritdi. Jumladan, birinchi oʻrinni “Etos” laqabli tulporda ishtirok etgan Oʻzbekiston yilqichilik va ot sport federatsiyasi raisi Bahromjon Gaziyev egalladi. Keyingi sovrinli oʻrinlarni Saidamirxon Turgʻunbayev (“Kastaniya”) va Aʼzam Tolibboyev (“Ledi”) qoʻlga kiritdi.

Qayd etilishicha, bu keyingi yillarda oʻzbekistonlik chavandozlar tomonidan qoʻlga kiritilgan eng yaxshi natija hisoblanadi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер