Oʻzbekistonga qurol va oʻq-dorilarni noqonuniy olib kirgan fuqarolar qoʻlga olindi
Toshkent va Fargʻonada pnevmatik toʻpponcha, ov miltigʻi va oʻq-dorilarni mamlakatimizga olib kirishga uringan fuqarolar qoʻlga olindi.
Maʼlumotlarga koʻra, Toshkent viloyati “Gʻishtkoʻprik” chegara bojxona posti xodimlari “Toyota Land Cruiser” rusumli avtomashinani toʻxtatgan. Avtomobil salonini koʻzdan kechirish chogʻida 1 dona pnevmatik toʻpponcha, ikkita pnevmatik toʻpponcha uchun gaz balloni va 310 dona pnevmatik oʻq topildi.
Shuningdek, Toshkent viloyati “S.Najimov” postida avtomashinalardan birining yukxonasidan 1 dona pnevmatik toʻpponcha, shuningdek, 243 dona oʻq borligi aniqlangan. Avtomobil egasi ular haqida na ogʻzaki, na deklaratsiyada bojxonachilarga xabar bermagan.
Fargʻonada ham xuddi shunday voqea sodir boʻlib, bojxonachilar aeroportda yoʻlovchilardan biridan ikkita 12 kalibrli ov miltigʻi topib olishgan. Ushbu qurollar deklaratsiyaga kiritilmagan, ogʻzaki soʻrov paytida yoʻlovchi ular haqida sukut saqlagan.
Ayni paytda qurol-yarogʻ va oʻq-dorilar olib kirilganiga oid aniqlangan faktlar yuzasidan tergovga qadar tekshiruvlar oʻtkazilmoqda.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring