Oʻzbekistondan Xitoyga qandolatchilik mahsulotlari eksport qilinadi

11:49 17 Sentyabr 2020 Iqtisodiyot
1609 0

Oʻzbekistonning Shanxaydagi Bosh konsulxonasi tomonidan mamlakatimiz qandolatchilik mahsulotlari ishlab chiqaruvchilari mahsulotlarini Xitoy bozoriga muntazam ravishda targʻib qilish maqsadida Oʻzbekistonning “Crafers” masʼuliyati cheklangan jamiyati bilan Xitoyning “Suifenhe Huilong Economic & Trade Co. Ltd” kompaniyasi oʻrtasida oʻzaro manfaatli hamkorlik aloqalarini oʻrnatish masalasi ishlab chiqildi. Bu haqda “Dunyo” AA xabar berdi.

“Suifenhe Huilong Economic & Trade Co. Ltd” chet eldan oziq-ovqat mahsulotlarini import qilish va yetkazib berish bilan shugʻullanadigan Xitoyning yetakchi kompaniyalaridan biri boʻlib, 300 dan ortiq rasmiy distribyutorlariga ega.

“Crafers” masʼuliyati cheklangan jamiyati bilan Xitoyning “Suifenhe Huilong Economic & Trade Co. Ltd” kompaniyasi oʻrtasida imzolangan shartnomaga binoan, umumiy ogʻirligi qariyb 65 tonna boʻlgan qandolat mahsulotlarining birinchi joʻnatmasini Oʻzbekistondan Xitoyga sentyabr oyi oxirida joʻnatish rejalashtirilgan.

Import qilinadigan mahsulotlar Xitoyning turli shaharlari va viloyatlariga tarqatiladi, shu jumladan “Tmall”, «Taobao», “Ding Dong” kabi Xitoyning yirik va mashhur onlayn-chakana savdo doʻkonlari saytlarida ham targʻib qilinadi. 

Shuningdek, “Suifenhe Huilong Economic & Trade Co. Ltd” kompaniyasi oʻz savdo tarmogʻi orqali “Crafers” mahsulotlarini Xitoy bozorlarida targʻib qilish strategiyasini ishlab chiqadi va amalga oshiradi.

Qayd etish joiz, “Crafers” jamiyati birinchi marta oʻz mahsulotlarini Xitoyga yetkazib berish boʻyicha shartnoma imzoladi.

Hozirgi kunda Bosh konsulxona tomonidan mamlakatimizning boshqa turdagi oziq-ovqat mahsulotlarini ham Xitoyga yetkazib berishni tashkil qilish masalalari ishlab chiqilmoqda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер