Oʻzbekistondagi texnoparklarda yondosh soha korxonalariga 10 gektargacha joy ajratiladi
Illyustrativ foto
Oʻzbekiston elektrotexnika eksportining toʻrtdan birini mis sim va prutok kabi qoʻshilgan qiymati past tovarlar tashkil qilmoqda. Bu haqda Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida oʻtayotgan elektrotexnika sohasida ishlab chiqarish, eksport va investitsiyalarni koʻpaytirish masalalariga bagʻishlangan videoselektor yigʻilishida aytildi.
Qayd etilishicha, bunda kabellarning 80 foizi qurilish va maishiy maqsadlarda ishlatilayapti. Avtomobil sanoati uchun talab yuqori boʻlgan kabellar ishlab chiqaruvchi korxonalarimiz 4 tani tashkil qiladi, xolos.
Shu munosabat bilan bundan buyon elektrotexnika sohasidagi texnoparklar yondosh yoʻnalishlardagi korxonalar bilan sanoat kooperatsiyasi asosida rivojlantirilishi belgilandi.
Buning uchun Ohangaron, Fargʻona, Qarshi va Urganch shaharlaridagi texnoparklarda kompozit materiallar, metall va plastmassaga ishlov berish, qoliplar ishlab chiqarish, qadoqlash kabi yondosh soha korxonalariga 10 gektargacha joy ajratiladi.
Mutasaddilarga aniq loyihalar uchun tayyor binoni qurib, sanoat ipotekasi shartlarida tadbirkorlarga berish topshirildi. Ushbu korxonalarga elektrotexnika korxonalari kabi mol-mulk va foyda soligʻidan 50 foizgacha imtiyoz beriladi.
Umuman, joriy yilda chuqur qayta ishlangan mis mahsulotlari ulushini 60 foizga, kelgusi yilda 75 foizga olib chiqish, 1 tonna misdan qoʻshilgan qiymatni 1 ming dollarga yetkazish muhimligi taʼkidlandi.
Hozirda energetika, qurilish, suv xoʻjaligi, avtomobilsozlikda elektrotexnika mahsulotlariga talab kun sayin oshib bormoqda.
Masalan, energetika sohasida 36 milliard dollarlik 27 gigavatt elektr energiya ishlab chiqarish loyihalari amalga oshirilayapti.
Keyingi uch yilda suv inshooti, magistral tarmoq va taqsimlash nuqtalariga 4 ming 150 ta suv hisoblagich oʻrnatish, 2026-yilgacha 243 ta gaz taqsimlash punktlarini yangilash vazifasi turibdi.
Yiliga qurilayotgan 100 mingta xonadonli koʻp qavatli uy-joy hamda 13 million kvadrat noturar binolar uchun ham kabel, transformator, isitish va sovitish tizimlari, nasos, lift, kuzatuv vositalari, elektr va gaz hisoblagichlari kerak.
Avtomobil sanoatida har yili 200 million dollardan ortiq elektrotexnika mahsuloti import boʻlayapti.
Ushbu tarmoqlarning barchasi davlatdan imtiyoz va arzon mablagʻlar olayotganiga eʼtibor qaratib, Prezident mutasaddilarning “mahalliy mahsulotlar bizni talabga javob bermaydi, import qilishga majburman” degan bahonasi endilikda oʻtmasligini qayd etdi.
Davlat investitsiya dasturlari va yirik loyihalarda mahalliy mahsulotlar ulushini koʻpaytirish zarurligi koʻrsatib oʻtildi.
Masalan, energetikadagi xususiy sherikchilik loyihalarida mahalliy tovarlar ulushini 25 foizga, kabel-oʻtkazgichlarda esa 70 foizga yetkazish boʻyicha kelishuvga erishilgan. Boshqa tarmoqlarda ham shunday shartlarni kelishib olish topshirildi.
Bunda, “Uzeltexsanoat” uyushmasi, viloyat hokimlari buyurtmalarni korxonalarga joylashtiradi, tegishli tarmoqlar rahbarlari esa mahalliy korxonalarga oʻz talablarini yetkazib, ularni standartlarga moslashtirish va sertifikat olishida koʻmaklashadi.
Umuman, joriy yilda elektrotexnika sohasida ishlab chiqarishni 40 trillion soʻmga yetkazish zarurligi qayd etildi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring