Oʻzbekistondagi ikki telekanal “YEVRO-2020“ musobaqasining eksklyuziv translyatsiya huquqini qoʻlga kiritdi
Joriy yilning 12-iyunidan 12-iyuliga qadar futbol boʻyicha 16-Yevropa chempionati boʻlib oʻtadi. Musobaqaning 60 yillik tarixida birinchi marta chempionat bitta mamlakat hududida emas, balki butun Yevropa boʻylab 12 ta shahardagi 12 ta stadionda oʻtkaziladi.
UZREPORT Axborot Agentligi (UZREPORT TV, FUTBOL TV) millionlab futbol muxlislarining qiziqishidan kelib chiqqan holda, YEVRO-2020 musobaqasini Oʻzbekiston hududida eksklyuziv translyatsiya qilish huquqini qoʻlga kiritdi.
Maʼlumot uchun, YEVRO-2020 musobaqasida 24ta terma jamoa bosh sovrin uchun bahs olib borishadi. Oʻyinlar Ozarbayjon Angliya, Vengriya, Germaniya, Daniya, Irlandiya, Ispaniya, Italiya, Niderlandiya, Rossiya, Ruminiya va Shotlandiya mamlakatlaridagi stadionlarda oʻtkaziladi.
Oʻyinlar Toshkent vaqti bilan soat 18:00, 21:00 va 00:00 da boshlanadi.
UZREPORT TV va FUTBOL TV telekanali muxlislari YEVRO-2020 musobaqasidan oʻrin olgan barcha 51ta uchrashuvni jonli efirda, parallel ravishda ikki tilda — oʻzbek va rus tillaridagi sharhda tomosha qilish imkoniyatiga ega boʻlishadi.
YEVRO-2020 oʻyinlarini FUTBOL TV sharhlovchilari bilan bir qatorda taniqli rossiyalik sharhlovchilar – Denis Kazanskiy, Aleksandr Yelagin va Dmitriy Mostovoylar sharhlab borishadi.
Oʻyinlardan tashqari telekanallarimiz orqali YEVRO-2020 kundaligi — “Highlights”lar ham efirga uzatib boriladi. Bu dastur orqali muxlislar YEVRO-2020dan oʻrin olgan oʻyinlarning eng qiziqarli va hayajonli vaziyatlarni qayta tomosha qilishlari, terma jamoalarning futbolchilari va murabbiylari haqidagi qiziqarli maʼlumotlar, shuningdek, rekordlar va boshqa muhim faktlar bilan tanishib borishlari mumkin boʻladi.
Shuningdek, Yevropa chempionatining markaziy oʻyinlari oldidan va uchrashuvlardan soʻng tashkil etiladigan “Futbol studiya” dasturida sharhlovchilar va mutaxassislar tomonidan qiziqarli tahlillar jonli efirda namoyish qilinadi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring