Oʻzbekistonda zaytun yetishtirish va uni qayta ishlash boʻyicha aniq ilmiy asoslar yaratiladi
2021-yil 28-iyun kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi Oʻzbekiston Ekologik partiyasi fraksiyasining navbatdagi yigʻilishi boʻlib oʻtdi. Unda deputatlar bir qator qonun loyihalarini birinchi, ikkinchi oʻqishda atroflicha koʻrib chiqishdi.
Fraksiya aʼzolari dastlab “Farzandlikka olish tartibining huquqiy asoslari takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi qonun loyihasini muhokama qildilar.
Taʼkidlanganidek, qonun loyihasi bilan muqaddam qasddan jinoyat sodir etgan shaxslar tomonidan farzandlikka olinishiga taqiq oʻrniga qilmishning ijtimoiy xavfliligi darajasiga qarab shaxsga farzandlikka olishni taqiqlash qoidasi belgilanmoqda.
Shuningdek, ogʻir va oʻta ogʻir turdagi jinoyatlarni sodir etgan shaxslar, farzandlikka olish vaqtidan oldin, yaʼni bir yil davomida doimiy daromadga ega boʻlmagan yoki oylik ish haqi mehnatga haq toʻlashning eng kam miqdoridan oz boʻlgan daromad oladigan hamda farzandlikka olishga monelik qiladigan kasalliklarga chalingan shaxslarga farzandlikka olish taʼqiqlanmoqda. Fraksiya aʼzolari loyihadagi har normani atroflicha muhokama qilib, oʻzlarining takliflarini bildirdilar.
Tadbirda qayd etilganidek, bugungi kunda zaytun mevasi va undan tayyorlangan yogʻga jahon bozorlarida talab yuqori boʻlib, asosan aholi isteʼmoli va dorivor maqsadlarda foydalaniladi. Maʼlumotlarga koʻra, 1 gektar zaytun plantatsiyasidan 15-17 ming dollar, uni qayta ishlash orqali 45-50 ming dollar miqdorida daromad olish mumkin. Oʻzbekiston sharoitida zaytun yetishtirish va uni qayta ishlash agrotexnologiyasi boʻyicha aniq ilmiy asoslangan talab va tavsiyalar mavjud emas.
Sohani rivojlantirish maqsadida ishlab chiqilgan “Zaytun moyi va zaytun mevasi toʻgʻrisidagi xalqaro bitimga (Jeneva, 2015-yil 9-oktyabr) Oʻzbekiston Respublikasining qoʻshilishi haqida”gi qonun loyihasini fraksiya aʼzolari koʻrib chiqdilar.
Mazkur hujjat bilan yurtimizda sohada rivojlangan mamlakatlar bilan hamkorlikda yangi zaytun plantatsiyalari tashkil etiladi, qayta ishlash korxonalari ishga tushiriladi hamda eksport hajmlari oshiriladi. Shuningdek, sohada seleksiya va agrotexnik usullarni qoʻllash boʻyicha oʻzaro hamkorlik yoʻlga qoʻyiladi.
Majlisda kun tartibidagi barcha masalalar koʻrib chiqilib, qonun loyihalari yuzasidan Ekologiya partiyasi fraksiyasining tegishli qarori qabul qilindi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring